Hongkong qamoqxonalari robotlar va sun'iy intellekt bilan ta'minlanadi

Jahon 21:37 / 15.02.2019 3885

Hongkong axloq tuzatish muassasalari xizmati yuqori texnologiyalar yordamida o‘z qamoqxonalari xavfsizligini oshirmoqchi. Komissar Denni Vu In-minning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida bir necha axloq tuzatish koloniyalari "aqlli" kameralar bilan jihozlanadi. Shu bilan birga, mahbuslar joylashuv va yurak ritmi chastotasiga ko‘ra kuzatuvchi bilakuzuklar tufayli doimiy nazorat ostida bo‘lishadi. 

Yangi texnologiyalar huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar bilan birga mahbuslarning ham xavfsizligini oshirishga yo‘naltiriladi. Ular dastlab uch axloq tuzatish muassasasida sinovdan o‘tkaziladi. Texnologiyalar o‘z samaradorligini isbotlagan taqdirda, "aqlli" jihozlar  boshqa qamoqxonalarda ham keng tarqatiladi. 

Sun'iy intellektli kameralarni vannaxonalarga o‘rnatish rejalashtirilgan. Konfidensiallikni ta'minlash uchun olingan materiallarning ba'zi joylari qoraytiriladi. Tizim mahbuslar orasidagi mushtlashuv va kasallik xurujlari kabi muammoli vaziyatlarni kuzatadi va aniqlaydi. 

Bilakuzuklar qo‘riqchilarga har bir jinoyatchining joylashuviga oid ma'lumotni yetkazib turadi. Shuningdek, ular mahbuslarning yurak urishini kuzatib, ularni salomatligi bilan bog‘liq muammolardan xabardor qilishadi. Mazkur tizim qamoqxonadan qochish, suiqasd va kutilmagan o‘lim holatlarining oldini olishi kutilmoqda. 

Qamoqxona vakillarining ta'kidlashicha, "robot" deganda ular chiqindilarda giyohvandlik moddalarini qidiruvchi mexanik qo‘lni nazarda tutishmoqda. Ayni damda esa qamoqxona xodimlarining o‘zi bu ish bilan shug‘ullanishga majbur.  

Ko‘proq yangiliklar: