Ramos atayin sariq kartochka olganini tan olib, so‘ng buni inkor etdi

Sport 09:42 / 14.02.2019 11203

«Real» sardori Serxio Ramos «Ayaks»ga qarshi kechgan YeChL 1/8 finali dastlabki uchrashuvida sariq kartochka oldi.

32 yoshli ispan 89-daqiqada raqib hujumchisi Kasper Dolbergga nisbatan fol ishlatgani uchun ogohlantirildi. Bu bilan u YeChLning bu mavsumida uchinchi marta sariq kartochka oldi va endi 5 mart kuni Madridda o‘tadigan javob uchrashuvini o‘tkazib yuboradi.

O‘yindan so‘ng Ramos ataylab sariq kartochka ishlab olganini tan oldi, ammo keyinroq Twitter sahifasida buni inkor etdi.

«Natijaga qarab turib, buni ataylab qilmadim, deb aytsam yolg‘on bo‘lardi. Bu raqibga past nazar bilan qarash emas, shu bilan birga g‘alabali seriyamiz tugashi haqida ham o‘ylamadim. Ammo futbolda og‘ir qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi», – deya tushuntirgan Ramosning so‘zlarini keltirdi Goal.

Ammo himoyachi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu so‘zlarini inkor etib chiqdi.

«Shuni aniqlashtirishni istardimki, diskvalifikatsiya meni hammadan ko‘proq ranjitadi. «Roma» bilan kechgan YeChLdagi oldingi o‘yinimizdagi kabi, bugungi kartochkani ham atayin olganim yo‘q.

Endi «Real»ni muxlislar kabi tribunadan turib, chorak finalni tasavvur qilgancha qo‘llab-quvvatlayman», – deb yozdi Ramos.

Ma'lumot uchun, 2010 yil noyabrida YeChL doirasidagi «Ayaks» bilan o‘yinda (4:0) Ramos va Xabi Alonso ikki marta sariq kartochka olib, maydonni tark etishgandi. UYeFA bu ikki futbolchi «Real»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Joze Mourinoning qistovi bilan atayin kartochka ishlab olishgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, Mourinoga ikki o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida kuzatish taqiqi qo‘yilgan, Ramos va Alonso esa jarima to‘lashgandi.

Umuman, Serxio Ramos YeChL tarixida eng ko‘p marta (38ta) sariq kartochka olgan futbolchi sanaladi.

Ta'kidlash kerak, Amsterdamdagi kechagi uchrashuv «Real» sardori uchun «qaymoqranglilar» safidagi 600-o‘yin bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: