«Lokomotiv», «Paxtakor» va yana 4ta klub Superligadan chetlatilishi mumkin

Sport 17:29 / 14.02.2019 24309

2018 yilda «Lokomotiv», «Paxtakor», OKMK, «Metallurg», «Buxoro» va «Qo‘qon-1912» klublari natija ketidan quvib, yulduz futbolchilar uchun katta chiqimlar qildi. Biroq mana shu davr ichida ular o‘z futbol akademiyasini tashkil qilib ulgurmadi, deb xabar beradi O‘FA sayti.

O‘FA 2017 yil oxiridan boshlab Superliga futbol klublarini akademiya masalasida ogohlantirib keldi. Davlat korxonalari tomonidan moliyalashtirib kelingan klublar aslida 2007 yildan boshlab o‘z akademiyalariga bosqichma-bosqich ega bo‘lib borishi belgilab qo‘yilgan. Ammo oradan 12 yil vaqt o‘tsa-da, bir qancha klublar hukumatning bu talabini bajarmagan. Hozirgacha faqat «Nasaf» va «Bunyodkor» futbol akademiyalari qoniqarli faoliyat olib bordi. «Mash'al» va «Sho‘rtan» futbol akademiyalari esa yildan yilga izdan chiqib borgan.

2018 yilga kelib, mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev qarori bilan 14ta futbol akademiyasi O‘FA qoshida tashkil etildi. 

O‘FA o‘z qaramog‘ida bo‘lgan futbol akademiyalarini bosqichma-bosqich futbol klublariga beradi. Ayni vaqtda hukumat 14ta futbol akademiyaning har biriga 2,5 milliard yillik smeta ajratayotgan bo‘lsa, o‘z futbol akademiyasiga ega bo‘lmagan klublar 2019 yilda shuning teng yarmi — 1,25 milliard so‘m bilan futbol akademiyalariga sherikchilik qilishi ko‘zda tutilgan. Shunda futbol akademiyasi yillik 3,75 milliard so‘mga ega bo‘ladi. Bu mablag‘lar moddiy-texnik bazani mustahkamlash, malakali kadrlarni jalb qilish, futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarining talab qilingan darajada ovqatlanishi, tibbiy muolajalari va boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi. 2020 yilga kelib futbol klublari davlat korxonalaridan olayotgan mablag‘laridan endi 2,5 milliard, ya'ni, davlat ajratayotgan ulush bilan teng miqdorda futbol akademiyasi uchun jalb qilishlari kerak bo‘ladi. 2021 yilga kelib futbol klublari 3,75 milliard so‘mni bevosita futbol akademiyasi yo‘naltiradi va 2022 yilga kelib bu miqdor 5 milliard so‘mga yetkaziladi.

2019 yilga kelib yuqorida nomi ko‘rsatilgan Superliganing olti klubi yana eski bahonalar bilan cheklanyapti. Ammo endi qaror qat'iy. O‘FA ularning kelajakdagi rejalarini hurmat qiladi, biroq klublarni musobaqaga qo‘yayotganda ularning akademiya bo‘yicha talablarini jiddiy nazorat qiladi. Yillik 30 milliard smetaga ega klublarning futbol akademiyasi uchun 1,25 milliard so‘m ajrata olmasligini tushunish qiyin. Aslida klublar faqatgina shu summani birgina futbolchini qo‘lga kiritish, uni ikki shartnomaga qo‘l qo‘ydirish uchun bo‘lgan kurashlarga ham sarflab yuboradi.

Ayni vaqtda 6ta klub bu talablarni bajarmagan. Voqealar rivoji shu tarzda davom etsa, ular Superliga uchun bo‘lgan 600 millionlik badal puli yoniga 1,25 milliard so‘mni to‘labgina chempionatga qo‘shiladi. PFL ularning ayrimlari uchun va'da qilingan mukofot pullarini shuning hisobidan qoplab beradi. Ortganini esa bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga o‘tkazib beradi. Yo‘qsa, yuqorida nomlari qayd etilgan futbol klublari Superligadan chetlashtiriladi. Ular qanday natijalar qayd etgan bo‘lmasin, endi o‘zbek futboli o‘z-o‘zini aldamaydi. Davlat korxonalari ajratayotgan pullarning maqsadli sarflanishi yo nazorat qilinishi yoki biz o‘z-o‘zimizni aldashda davom etishimiz kerak.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda «Mash'al» izdan chiqib ketgan futbol akademiyasini qayta tiklash ustida ishlayapti. Shuningdek, «Xorazm» va «Surxon» klublari ham akademiya uchun qo‘yilgan minimal talablarni bajarishni boshlagan. PFL yangi mavsumga qur'a tashlash marosimini shu kabi sabablar, klublarning eski tizimda ishlashga o‘rganib qolgani vajidangina kechiktiryapti. Agar talablar o‘z vaqtida bajarilmasa, klublar chetlashtirilishi yoki chempionat starti yana cho‘zilishi mumkin. Har yili bo‘lgani kabi kamchiliklarga ko‘z yumib, chempionatni start oldirish ham mumkin. Biroq 2019 yilgi mavsumda bunday bo‘lmaydi. O‘nlab klublar shu vaqtgacha sarf etib yuborgan pullar hisobiga bir qator samarali ishlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Biroq hozir qat'iy turilmasa, bu kabi ishlar to‘xtashi qiyin, deyiladi O‘FA xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: