Ravon Rossiyada qatorasiga sakkiz oydan beri avtomobil sotmayapti. Bundan Yevropa biznesi uyushmasining ma'lumotlari darak bermoqda.
2019 yilning yanvarida kompaniya bitta ham avtomobil sotmagan, sababi ular hali ham savdoda yo‘q.
Kompaniyaning bozordagi ulushi 0 foizga tushib ketdi. 2018 yil yakunlari bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 0,3 foiz, 2017 yilda - 0,9 foizni tashkil etgandi.
Bunday pasayish shu bilan izohlanadiki, Ravon Rossiyada avtomobillarni so‘nggi bor 2018 yilning may oyida sotgan. O‘shanda ular Rossiyadagi aksariyat dilerlik markazlaridan yo‘qolib qoldi.
Taqqoslash uchun: 2018 yilning yanvar oyida Ravon 1,5 mingga yaqin avtomobil sotdi, bu esa unga bozorning 1,4 foizini egallash imkonini berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2018 yil Rossiyada nechta avtomobil sotgani ma'lum bo‘lgandi.