Akademik Sulton Alimuhamedov vafot etdi

Jamiyat 19:55 / 13.02.2019 9263

Qishloq xo‘jalik sohasidagi atoqli olim, sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zosi Sulton Alimuhamedov 2019 yil 11 fevralda 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma'lum qildi.

Sulton Alimuhamedov 1929 yil 1 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1950 yili Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1991 yilda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olim o‘zining 70 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti dotsenti, kafedra mudiri, O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida samarali mehnat qildi va yurtimizda o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Sulton Alimuhamedovning dolzarb mavzulardagi ko‘plab ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma'lum.

Uzoq yillar davomida ko‘plab yoshlarga saboq bergan Sulton Alimuhamedovning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan. Jonkuyar olimning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlanib, u «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: