O‘zbekistonda «Mehribonlik» uylarini noinstitutsionallashtirish dasturi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston 08:13 / 12.02.2019 3756

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylariga 1 ta psixolog shtat birligi, tarbiyalanuvchilari soni 200 nafardan ortiq bo‘lgan “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylariga 2 ta psixolog shtat birliklarini kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil davomida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Xalq ta'limini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zamonaviy kompyuter sinflarini ochish, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy kompyuter dasturlash ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil qilish va axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy yetimlikning oldini olish, shuningdek, “Mehribonlik” uylarini bosqichma-bosqich kam komplektli bolalar shaharchalariga hamda ijtimoiy muassasalarning boshqa muqobil shakllariga o‘tkazish maqsadida 2019 yil 1 iyunga qadar muddatda 2019-2023 yillarda “Mehribonlik” uylarini noinstitutsionallashtirish dasturini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilayotgan (patronat) vasiy va homiylikka nomzodlarni, farzandlikka olayotganlar va oilaviy bolalar uylarining tarbiyalovchi ota-onalarini tanlash va kuzatib borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xalq ta'limi vazirligi va boshqa davlat organlarining “Ishonch telefonlari” orqali yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatish tizimini tashkil qiladi, shuningdek, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilishini, “Ishonch telefonlari” uzluksiz ishlashini hamda ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: