Jizzax viloyatidagi har bir tumanga 4 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi

O‘zbekiston 08:53 / 12.02.2019 15685

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatining tumanlari markazini zamonaviy qiyofaga keltirish maqsadida qurilish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jizzax viloyatining barcha tumanlari (Mirzacho‘l tumanidan tashqari) markazini zamonaviy qiyofaga keltirish uchun ijtimoiy soha muassasalarini ta'mirlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlariga har bir tumanga 4 mlrd. so‘mdan, jami 44 mlrd. so‘m, shundan: 

joriy yilning 15 fevraliga qadar respublika budjetining yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan har bir tumanga 2 mlrd. so‘mdan, jami 22 mlrd. so‘m;

joriy yilning aprel oyida respublika budjetining 1-chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan har bir tumanga qo‘shimcha 2 mlrd. so‘mdan, jami 22 mlrd. so‘m mablag‘ni Jizzax viloyat mahalliy budjetiga ajratilishini ta'minlaydi.

Jizzax viloyatining tumanlari markazlarida bajariladigan ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib Jizzax viloyat hokimligi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi belgilanadi.

Jizzax viloyat hokimligiga Jizzax viloyat tumanlari markazida amalga oshiriladigan qurilish ta'mirlash ishlari bo‘yicha loyihachi
va pudratchi tashkilotlarni eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat berilishi mumkin.

Mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish
va ularning samaradorligini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik qurilish vaziri A.To‘xtayev va Jizzax viloyat hokimi E.Saliyev zimmasiga yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jizzax viloyat hokimligi 2019 yil Investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda quyidagi obektlarni kiritadi:

Forish tumanida 60 o‘rinli tug‘uruqxona kompleksini qurish va jihozlash;

Do‘stlik tumani “Yangi hayot” massivida 630 o‘rinli umumta'lim maktabini qurish va jihozlash;

Jizzax viloyat hokimligi va Xalq ta'limi vazirligi takliflari asosida viloyatdagi eng og‘ir ahvolda bo‘lgan umumta'lim maktablarini ta'mirlash.

Ko‘proq yangiliklar: