Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlari tasdiqlanadi 

O‘zbekiston 09:18 / 12.02.2019 11892

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 28 yanvardagi «Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5644-son farmonining 3-band 3-xatboshisi va 4-band 3-xatboshisi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari tasdiqlanadi.

Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatining baholash mezonlari eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga murojaatnomasi, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hududlarga tashrifi mobaynida berilgan topshiriqlar, qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlardan kelib chiqadigan muhim va ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi belgilanadi.

Shu bilan birga, qaror bilan baholash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi tasdiqlanadi. Unga ko‘ra:

- ijro etuvchi hokimiyat organlari har yil yanvar oyining 10-sanasigacha qaror talablaridan kelib chiqqan holda, o‘z faoliyatining baholash mezonlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

- Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi organlari tomonidan taqdim etilgan baholash mezonlarini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini amalga oshirilishi natijadorligi jihatidan tanqidiy ko‘rib chiqadi;

- Vazirlar Mahkamasi baholash mezonlarini tasdiqlash bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilanadi va uni tegishli me'yoriy hujjat bilan har yilning 20-fevraligacha tasdiqlaydi.

Shuningdek, loyihada ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan tizimli monitoring va nazorat, jumladan Parlament nazorati o‘rnatiladi. Xususan:

- vazifalarni amalga oshirilishi yuzasidan choraklik Vazirlar Mahkamasi Rayosatida ko‘rib chiqiladi;

- Oliy Majlis palatalarida ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining va ular tomonidan maqsadli vazifalarga erishishda amalga oshirilgan choralar bo‘yicha doimiy hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etiladi;

- Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan monitoring natijalarini chuqur tahlili asosidagi choraklik ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Adminstratsiyasiga kiritib borish amaliyoti joriy etiladi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat loyihasini qabul qilinishi barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan holda baholash mezonini joriy etishga mustahkam zamin yaratadi.

Ko‘proq yangiliklar: