Mudofaa vazirligi markaziy apparati ofitserlari Katta Chimyonda mashg‘ulotlar o‘tkazishdi

O‘zbekiston 23:52 / 12.02.2019 8027

Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi hamda Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda 3 kun davomida “O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida tog‘ tayyorgarligi tizimini yanada takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparati ofitserlari, harbiy okruglar qo‘mondonlarining o‘rinbosarlari, oliy harbiy ta'lim muassasalari tog‘ tayyorgarligi yo‘riqchilari hamda tegishli vazirlik va idoralarining soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida, Surxondaryo viloyatida 2000 yilgi jangovar harakatlarda mardlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlar yodga olinib, xotira majmuasiga gulchambar qo‘yildi.

Shundan so‘ng, yetakchi mutaxassislar tomonidan Qurolli Kuchlarda tog‘ tayyorgarligi tizimini yanada takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari, yetakchi xorijiy davlat armiyalarining harbiy alpinizmdagi tajribasi, harbiy xizmatchilarni tayyorlashning zamonaviy uslublari haqidagi ma'ruzalar tinglandi.

Kuning ikkinchi yarmida harbiy qism va muassasalarda tog‘ tayyorgarligi nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini yangicha yondashuv asosida tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha uslubiy ko‘rgazmali mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Anjuman qatnashchilari mashg‘ulotlar davomida tog‘ yo‘nalishlari bo‘ylab 20 km masofaga marsh uyushtirdi.

Katta Chimyon hududida tog‘ to‘siqlarini oshib o‘tishni tezlashtiruvchi va yengillashtiruvchi vositalardan foydalanish usullari, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni oshirish, jarohat olganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni tog‘li hududlarda xavfsiz joyga ko‘chirish, baland tog‘ hududlarida o‘qotar qurollardan foydalanish kabi o‘quv joylarida ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida ilmiy-amaliy anjumanda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilarga Mudofaa vazirligi tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: