«Bravo»ni so‘kma! U aqli yetganini qo‘yadi. O‘zbek sahnasining egasi kim?

Jamiyat 16:36 / 12.02.2019 247657

Asli, «Bravo» guruhining dasturi haqida ehtiroslarim biroz so‘nganidan keyin yozayotganim yaxshi bo‘ldi.

Bir-ikki hafta davomida ijtimoiy tarmoq ahli «Bravo»ni so‘kish bilan mashg‘ulligiga hayron bo‘lganim rost. Minglab postlar aynan mazkur tomosha haqida edi. Eng qizig‘i, xafa bo‘lib yozayotganlar o‘sha guruh chiqishlarini ko‘rgan va keyin keskin fikr bildirgan. Fikrlarni o‘qib-o‘qib, asta-sekin «Bravo» a'zolariga rahmim kela boshlagani ham bor gap.

To‘g‘risi, «Bravo»ning chiqishlariga salbiy fikr bildirganlar soni juda ko‘p bo‘lganiga qarama-qarshi holatda ularning chiqishlarini internetda kuzatgan va diskini sotib olib ko‘rganlar soni ham mo‘ldan-mo‘l edi. G‘alati holat. Xo‘sh, guruhning chiqishlariga qanday baho berish mumkin?

San'atshunos taqrizchilar «Bravo» tomonidan «Xalqlar do‘stligi» saroyida taqdim etilgan, so‘ng keng ommaga televideniye orqali namoyish etilgan konsert dasturi haqida hech qanday fikr bildirishmadi. Balki to‘g‘ridir... Bu tomosha bilan haqiqiy san'at o‘rtasida tog‘dek masofalar mavjud. Haqiqatan, ularni «Kulgi darg‘alari» deyiladigan – Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Muhiddin Darveshov, Rustam Hamroqulov, Hojiboy Tojiboyevlar bilan solishtirishning o‘zi nojoiz.

Yuqoridagi san'at ustalari jamiyat va insonlardagi kamchiliklar ustidan kulgan bo‘lsa, «Bravo»chilar esa o‘zlari «bo‘yi va aqli yetadigan joy» - ya'ni «belning pasti»ni mo‘ljalga olishgani sababli faqat ijtimoiy tarmoqlarda tahlil qilindi. Taqrizchilarning ham «past ketgilari» kelmadi chog‘i...

Dastur haqida

Qaysidir o‘ziga o‘xshagan guruhdan ajrab chiqib, ularga «kim aslida kim» ekanligini ko‘rsatib qo‘yishni, ilk konsertidan boshlab shov-shuv ko‘tarishni xohlagan jamoa, yosh tomoshabin uchun eng yaqin yo‘l - inson tanasining «belidan pasti» bilan bog‘liq kulgili qochirimlarni sahnaga olib chiqdi. Va ma'lum ma'noda maqsadga ham erishdi.

Endi ularni hamma biladi va taniydi. Lekin, guruh faollaridan biri bo‘lgan Otabek Mirzaxolov konsert oldi intervyularida «Beldan pastga» mavzusida hazillar bo‘lmasligini aytgandi.

Biroq dastur boshlanib, salom berilishi bilan va'dalar unutildi. «Bravo»chilar «salomlashish» qismida tagdor gap bilan kirish qilishdi. Keyin esa ketdi-i... «Qiz bolani qora mushukka irim qilib orqaga yurishi», ayol kishining uyqusiragan eriga «Otsangiz oting, bo‘lmasa yoting!» deyishi, «Immunitet «ko‘taradigan» dorining nomi «Munisa Rizayeva», «Sud jarayoni» sahna ko‘rinishidagi «ot minish», «Hammaga po‘chog‘ini qo‘yib ketgan bola»... Bu hali holvasi ekan! «Bitiruv kechasi» sahnasida yanayam ochiqroq gaplar ishlatilib, «Robinzon Kruzo» va «Harbiy qism» ko‘rinishlarida «bravochilar» tuzuk-quruq tarbiya ko‘rmaganliklarini dastur cho‘qqisiga chiqib ko‘rsatib berishdi.

Tomoshabinlarning beparda va bemaza gaplarga «buralib» kulayotganiga guvoh bo‘ldik. Ular orasida taniqli, el ichida o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan kishilar ham ko‘rinib qolardi. Balki, ular dastur ssenariysida bunday hazillar bo‘lishini bilishmagandir? Ishqilib, shunday bo‘lsin...

Televideniyeni ommaviy axborot vositasi deyishadi. Chunki, uni omma ko‘radi. Yaqindan beri berilayotgan ko‘rsatuvlar, kinofilm va shou dasturlar turli yosh kategoriyalariga mo‘ljallanganligi turli tarzda, masalan - «18+» singari belgilar bilan berilmoqda.

«Bravo» konsert dasturini qanday belgi bilan belgilashsa maqsadga muvofiq bo‘lishini o‘ylab topa olmadik. Balki, TV-kanallar - «Oilaviy ko‘rish tavsiya etilmaydi» degan yangi kategoriya qo‘shishi kerakdir.

Taajjub... Odamlarni kuldirish uchun ikki jins vakillari o‘rtasida bo‘ladigan nozik, pardali jarayonlar, fahsh va buzuqlik bemalol sahnada olib chiqiladigan kunlarga ham yetib kelibmiz. Sahnada «bravochilar» rol o‘ynadi, biroq uni tomosha qilgan hamiyatli odamlar ularning o‘rniga uyaldi.

Kishiga «Bu aktyorlarning ham ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, farzandlari bormikan?», degan xayol keladi. Boshda «farzandlarim mana shu beta'miz va uyatsiz «sahna asari»ni ko‘rib qo‘ymasin-da...» degan fikr. Ming afsuski, hozir informatsiyani yashirishning iloji yo‘q. Ular qayerdadir bu «san'at asari»dan boxabar bo‘lishi tayin. Shunisi, yomon.

«Bravo»ning aynan shu dastur va undagi sahna ko‘rinishlari, musiqali chiqishlar uchun qilgan bir dunyo mehnati, «Qishloqqa televideniye keldi», «Uylansang boy qizga uylan», kabi hazillari uchun ozgina maqtasak ham bo‘lardi. Afsuski, bunday epizodlar umumiy dastur vaqtining 10 foizini ham egallamaydi.

Bu holat uchun ayb faqat «Bravo» va boshqa guruhlarda emas...

Oldindan eslatib qo‘ysak. Ushbu maqola orqali biz hech qaysi san'atshunos bilan bahslashishni maqsad qilmaganmiz. O‘z fikrimiz va quvvai hofizamizga tayangan holda o‘zbek tomosha san'atining bugungi holati haqida biroz fikr yuritishni maqsad qildik, xolos.

O‘zbek tomosha san'ati shakllana boshlaganidan beri iqtidorli dramaturg, rejissyor va ijrochilardan tanqislik ko‘rmagan. Yurtga o‘tgan asr boshlarida teatr san'ati kirib kelib, soha rivojiga Avloniy, Behbudiy, Furqatlar o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lsalar, Hamza, Mannon Uyg‘ur, Abror Hidoyatov va yana ko‘plab san'atkorlar tomosha san'atini ko‘klarga ko‘tara olishdi.

Qiziqchilik guruhlari esa undan-da oldin paydo bo‘lgan. Katta avlod «Toshbolta oshiq», «Oltin devor», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Temir xotin» kabi o‘zbekona kulgi yo‘g‘rilgan sahna asarlarini tomosha qilish uchun qayta-qayta murojaat qilganiga guvohmiz.

Yusufjon qiziq, Muhiddin qiziq, Abdulhay Maxsum kabi askiyachilar, Muhiddin Darveshov, Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Rustam Hamroqulovning samimiy, pokiza askiya va qiziq hangomalari el ichida yod bo‘lib ketgan.

Ulardan keyingi avlod - Hojiboy Tojiboyev, Mirzabek Xolmedov, Obid Asomov va boshqalar ham «qiziqchilik estafetasi»ni yomon olib borishmadi. Ular tomonidan tuzilgan «Mirzo teatri», «Obid shou» kabi guruhlar yillar davomida elning mana shu san'at turiga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelganiga hammamiz guvohmiz.

Ularning repertuarida «Beldan pastni» mo‘ljallagan hajv yo‘q edi!» deb aytish ham noo‘rin. Biroq, ular xalqni kuldirish bilan bir vaqtning o‘zida hikmatlarga to‘la sahna asarlari bilan mushohadaga chorlay olishar edi. Ular ham tanqid qilingan va bundan xulosa chiqara olishgan. Hojiboy Tojiboyevning har yili «Bir aktyor teatri» ko‘rinishidagi chiqishlari, unda jamiyatdagi kamchiliklarni satira tig‘iga olishi odamlar uchun juda katta ma'naviy ozuqa bergani yodimizda. Bir so‘z bilan aytganda, kitob o‘qigan va usta ko‘rgan san'atkorning yo‘rig‘i bo‘lak ekan...

Qadimdan odamlarga sahna tomoshasi kerak bo‘lgan. Buni siyosatchilar, davlat arboblari ham yaxshi bilganlar va unga sharoit yaratishgan. Hozir o‘zbek teatrlari bugungi zamon kishilari saviyasidagi asarlar bilan «tomosha sahnasi»ni to‘ldira olishmayotgani esa barchaga ayon. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 40ga yaqin teatrning qaysi yangi asari premerasi qachon katta voqeaga aylanganini esa eslay olmaymiz. Yo yaxshi dramaturg va rejissyorlar yo‘q yoki yaxshi aktyorlar.

Bir yilda Madaniyat va san'at institutining tomosha san'atiga bog‘liq fakultetlarini 100 nafarga yaqin talaba bitiradi. Savol tug‘iladi: «Ular ichidan bugungi kun tomoshabinini zalga chorlaydigan asarlar ijod qiluvchi rejissyorlar, aktyorlar chiqyaptimi?».

O‘zbek dramaturgiyasi muammolari esa alohida mavzu...

Sahna hech qachon bo‘sh qolmaydi

Sahna sirli joy. U doim egasini izlaydi. Unga chiqishni chin dildan istagan talantlar tomoshabinini mahtal qilmay tezda topiladi.

«Bravo», «Million», «Dizayn» kabi guruhlar o‘n kun konsert qo‘ysa, zal o‘shancha kun to‘lib-toshadi. Demak, ular o‘zlari professional bo‘lishmasa ham shu soha vakillarini qaysidir jihatlarda ortda qoldirishgan.

Madaniyat va san'at instituti o‘qituvchilari va bitiruvchilariga ularni misol keltirsangiz, «Bu san'at emas!» deyishlari aniq. O‘sha, Abror Hidoyatov, Shukur Burhon, Hamza Umarov, Abbos Bakirovlarni misol keltirishlari ham bor. Bu fikrga biz ham qo‘shilamiz. Biroq, tomosha san'ati zamon bilan hamnafas rivojlanishi kerak emasmi?

Bugungi tomosha san'ati turg‘unligi davrida o‘sgan avlod ertaga «Qirol Lir», «Gamlet», «Revizor», «Oltin devor» kabi asarlarni hazm qila olmaydi-ku?

Ajab... Professionallar muxlislar bilan to‘ldira olmayotgan zallarni shijoatli noprofessionallar to‘ldirmoqda.

Eng yomoni, «Bravo» kabi guruhlarning chiqishlarini san'at deb tushunuvchi avlod shakllanyapti.

Hali kech emas. Yangi avlodni bog‘cha partasidan boshlab san'atni teran tushunadigan etib tarbiyalash harakatini boshlash zarur.

Xulosa...

Maqola so‘ngida yana o‘sha «Bravo» guruhi konsert dasturiga qaytamiz.

«Hurmatli «Bravo» guruhi a'zolari! Sizlarda mehnatsevarlik, ijro mahorati va boshqa iqtidor jihatlarini hamma ko‘rib turibdi. Jamiyatdagi kamchilikliklarni zo‘r tanqidga ola bilishingizni ham namoyon eta oldingiz.

Faqat, sahnaga inson oila a'zolari bilan ko‘ra olishi mumkin bo‘lgan chiqishlar bilan chiqsangiz bo‘lardi. Uyaltirmang. Go‘shangada kuyov kelin qulog‘iga, er-xotin yotoqxonada, choyxonada yigitlar gurungida askiya sifatida aytadigan gaplar sahnaga yarashmas ekan.

Agar yurt kishilari va bizning maqolamiz sizlarga malol kelsa o‘sha mashhur so‘zni aytamiz: «Agar uyalmasangiz, xohlaganingizni qiling!»

Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: