Toshkentdagi mobil radarlar haqida barcha haqiqat. Batafsil

Jamiyat 08:55 / 11.02.2019 122456

Mobil radarlar ishini ta'minlash xizmat vazifalaridan biri hisoblangan YHXB YPX xodimlari go‘yoki qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganliklari aks etgan foto va videolar e'tiborga ko‘p tushmoqda.

Ushbu videolar guvohlik berayotgan yagona holat - fuqarolarning huquqiy savodsizligi va ota-onalari bergan tarbiyaning ahvolidir. Shuningdek, bu videolar insonlar o‘zlari yashab turgan davlatning qonunlarini o‘rganishga, konstruktiv va muloyim dialogga, dalil-isbotlarga quloq solishga va nohaqlikni tushuntirish yo‘lidagi urinishlarni qadrlashga tayyor emasliklarini aks etmoqda. Shuni qayd etish zarurki, qonunlarni ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarning sarlavhalari va “qo‘shnilarning gaplari” orqali emas, balki amaldagi qonun hujjatlari asosida chuqur mulohaza bilan o‘rganish zarur, deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Telegram-guruhlarda tarqatilgan videolavhada “Neksiya” avtomobili haydovchisi YHXB YPX xodimiga baland ovozda o‘z da'volarini bildirib, holatni mobil telefoni orqali videoga tushirgan.

Xususan, “Neksiya” haydovchisi YPX xodimi shaxsiy avtomobilida bo‘lganligidan (“berkinganidan”) va mashinasi qarshisida turgan mobil radar (uch oyoqli) yo‘lda uzoqdan ko‘rinmayotganligidan (“u ham berkitilganidan”) norozi edi.

IIBB xabarida aytilishicha:

Xodim shaxsiy avtomobilida bo‘lish huquqiga ega edi.

Chalkashlik 975-sonli qarorning 14-bandini tushunmaslik sababli yuzaga kelmoqda. Ushbu bandga ko‘ra “YPX xodimi xizmat vazifalarni ochiq bajarishi kerak”. Gap shundaki, YPX xodimlarining vazifalari har xil bo‘ladi. Xizmat vazifasi huquqbuzarlikni ko‘z bilan aniqlab, u haqida bayonnoma tuzish bo‘lgan YPX xodimi va xizmat vazifasi mobil radarning ishini ta'minlash hisoblangan YPX xodimlarini farqlay olish zarur.

Ikkinchi holatda, xodim mobil radarni o‘rnatib va sozlab, qo‘riqlash maqsadida uning yaqinida bo‘ladi. Yo‘lda ko‘rinib turishi zarur emas. Shuningdek, mobil radar yonida patrul mashinasi bo‘lishi ham zarur emas.

Mobil radarni avtomobil orqasida o‘rnatish mumkin.

“O‘z vazifasini bajarayotgan” mobil radar – o‘z vazifasini bajarayotgan YPX xodimi emas. Shu sababli bu holatda 14-bandni umuman qo‘llab bo‘lmaydi. Joiz bo‘lgan joylashgan yerda radar xohlagan tarzda o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Ko‘chma fotoradarlar va mobil komplekslar biriktirilgan YPX xodimining xizmat vazifalariga maxsus uskunalarning xavfsizligini ta'minlaydigan choralar ko‘rish kiradi.

Xususan, mobil radarni ob-havo sharoitlaridan, havo oqimi va harakatlanayotgan avtomobillardan himoya qilish zarur, shu sababli uni yo‘ldan ko‘rinadigan to‘siq ortida o‘rnatishadi – bu YPX xodimi mas'ul bo‘lgan va narxi yuqori bo‘lgan davlat mulkini urib ketilishini oldini oladi.

Mobil radarning muvofiqlik sertifikati faqat haydovchiga.

Mobil radarning muvofiqlik sertifikatini va joylashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotni faqatgina mobil radar tomonidan tezlikni oshirganligi qayd etilgan avtomobil haydovchisi talab qilishi mumkin. YPX xodimi boshqalarning qiziquvchanligini qondirishga majbur emas.

IIBB xabarida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-moddasiga muvofiq, “militsiya xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida atayin soxta uydirmalarni tarqatish - eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”. Shuningdek, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi” Qonunning 34-moddasiga muvofiq, ichki ishlar xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolati mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: