Tadbirkor Feruz Abdullayev O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi raisi bo‘ldi

Sport 17:28 / 11.02.2019 19748

Bugun, 11 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining hududiy bo‘limlari vakillari, murabbiylar, hakamlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Bugun o‘tkazilgan hisobot-saylov Konferensiyasi kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala federatsiyaga yangi rahbar saylashdan iborat edi.

Shu munosabat bilan ushbu lavozimga Feruz Tal'atovich Abdullayev nomzodi taklif etildi. Ishtirokchilar bir ovozdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Feruz Abdullayev O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining yangi raisiga aylandi. Ma'lumot uchun, Feruz Abdullayev 1976 yilda Samarqandda tavallud topgan. Tadbirkor.

«Bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu sport men uchun begona emas. Mamlakatimizda ot sporti so‘nggi 5-6 yilda rivojlandi deya olaman. Nasib qilsa, birgalikda harakat qilamiz va mazkur sport turini yanada rivojlantiramiz. Boshqa viloyatlarda ham ot sporti yo‘nalishlarini kuchaytiramiz”, – dedi Feruz Abdullayev.

Konferensiya davomida MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston Tokio Olimpiadasida ot sporti bo‘yicha ham ishtirok etmoqchi ekanligi haqida gapirdi.

«Bungacha rahbariyat katta hajmdagi ishni olib borgan. Buni yaxshi bilamiz. Nasib qilsa, Tokio Olimpiadasida ot sporti bo‘yicha ham ishtirok etamiz. Federatsiyaning yangi rahbari ham MOQ ijroiya qo‘mitasi a'zoligidan joy oladi. Sport rivoji yo‘lida barchamiz bir oila sifatida ish olib boramiz», – dedi Umid Ahmadjonov.

Ko‘proq yangiliklar: