Shota Arveladze: «Yangi futbolchilarimizdan ko‘p narsa kutamiz»

Sport 15:58 / 11.02.2019 7935

Bugun, 11 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2-saralash bosqichi doirasidagi «Paxtakor»-«Eyr Fors» (Iroq) uchrashuvidan oldingi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab mezbonlar bosh murabbiyi Shota Arveladze va himoyachi Yegor Krimets ishtirok etdi.

«Boshlanayotgan futbol mavsumi bilan tabriklayman. Biz yaxshi o‘yin namoyish etgan holda muxlislarni xursand etishni istaymiz. Havo iliq bo‘lishi kutilmoqda, stadionga ko‘plab ishqibozlar kelishini kutmoqdaman.

Raqibning bir necha o‘yinlarini o‘rgandik. Ular tajribali jamoa, uch bor OFK Kubogida g‘olib chiqishdi. Lekin uyda biz g‘alaba qozonishni maqsad qilganmiz. Tayyorgarlik davri boshida tarkib to‘liq bo‘lmadi, ko‘p o‘yin o‘tkazmadik. Vaziyatdan chiqishga urinamiz. Tarkibga imkon qadar zarur o‘yinchilar taklif etildi. E'tiborni mahalliy futbolchilarga qaratdik. O‘ynash uchun barchada imkon bo‘ladi.

Yangi o‘yinchilarga ishonchimiz borligi uchun ular bilan shartnoma imzoladik. Ulardan ko‘p narsa kutib qolamiz.

Jamoa jismonan yaxshi holatda, deb o‘ylayman. Osiyo Kubogida futbolchilar 120 daqiqadan ham o‘ynashdi», – degan Arveladzening so‘zlarini keltirmoqda «Paxtakor» matbuot xizmati.

O‘z navbatida, Yegor Krimets ham jamoadoshlari bilan ertangi bahsda OChL guruh bosqichiga chiqish uchun bor imkoniyatini ishga solishini ta'kidlagan.

«Yangi mavsum boshlanmoqda. Muxlislarni bu bilan tabriklayman. Joriy mavsum sovrinlar qo‘lga kiritib, chiroyli g‘alabalar bilan ishqibozlarga xursandchilik ulashmoqchimiz. Ertaga muvaffaqiyat uchun bor kuchimizni ishga solamiz», – dedi Krimets.

Ma'lum qilinishicha, «Paxtakor» safida yo‘qotishlar mavjud: Akram Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev va Marko Simich ertangi bahsda jamoaga yordam bera olmaydi.

Anjumanning ikkinchi qismi «Eyr Fors» bosh murabbiyi Bosim Qosim va himoyachi Saad Notiq ishtirokida o‘tdi.

«O‘yinga yaxshi hozirlik ko‘rishga intildik. Iroq chempionati davom etmoqda, oxirgi ikki bellashuvda jiddiy raqiblar bilan durang o‘ynadik. Ertaga uch nafar yetakchi futbolchimiz – Amjyed Rahim, Karar Nabil va Ali Hosni jarohat tufayli o‘ynay olishmaydi.

Biz raqibni imkon boricha o‘rganishga intildik. Bu jamoa ancha kuchli. Chap qanot yarim himoyasi katta muammo yaratishi mumkin», – deya ta'kidladi Bosim Qosim.

«Biz yaxshi kayfiyatdamiz. Jamoamizga jarohatlangan o‘yinchilar yordam bera olmaydi, ammo ahil bo‘lib zarur natijaga erishishga intilamiz», – deya murabbiyning so‘zlariga qo‘shimcha qildi Saad Notiq.

Eslatib o‘tamiz, «Eyr Fors»ga qarshi bahs ertaga, 12 fevral kuni «Paxtakor» markaziy stadionida soat 15:00da start oladi.

Ko‘proq yangiliklar: