Ravshan Ermatov Superliga va Pro-liga hakamlariga kuratorlik vazifasini bajaradi

Sport 17:09 / 11.02.2019 5515

Bugun, 11 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida yangi mavsum oldidan Superliga va Pro-liga hakamlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, O‘FA Hakamlar va nazoratchilar departamenti boshlig‘i Ma'mur Saidqosimov va boshqa O‘FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘FA rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda so‘zga chiqqan Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan hakamlarga barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda hakamlik saviyasini oshirish, o‘yinlarning xolis va adolatli boshqarilishini ta'minlashdan iborat ekanini aytib o‘tgan.

“Hakamlarimiz saviyasini oshirish uchun O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hakamlar uchun xorijda o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil qildik, ular uchun turli seminarlar o‘tkazmoqdamiz. 

Joriy mavsumdan boshlab boshqargan uchrashuvlari uchun yaxshi baholar olgan hakamlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Aksincha, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadigan hakamlar esa qaytib Superliga o‘yinlariga qo‘yilmaydi, ular Pro-liga musobaqasida hakamlik qilishadi hamda yuqori liga uchrashuvlarini boshqarishga munosib ekanliklarini boshqatdan isbotlashlari kerak bo‘ladi.  

Maqsad – hakamlarimiz o‘yinlarni xolis va adolatli boshqarishsin, turli qing‘irliklardan uzoqroq yurishsin. Hakamlarning harakatlari muntazam ravishda maxsus inspeksiya tomonidan nazorat qilib borilishini ham ta'kidlab o‘tish zarur. Qing‘ir ishlarlarga aralashadigan hakamlar qattiq jazolanadi.  

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Uchrashuvlarni boshqarish uchun joylarga borishganida, hakamlarga nisbatan hurmat yuqori bo‘lsin. Hakamlarga chetdan bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Klub rahbarlari, vakillari, kim bo‘lishidan qat'iy nazar, agar hakamlarga bosim o‘tkazishga urinishsa, O‘FA tomonidan jazolanadi. Joriy mavsumdan boshlab hakamlarning o‘yinlarga borish-kelish, mehmonxona xarajatlari barchasi PFL tomonidan qoplab beriladi. Maqsad - hakamlar daxlsiz bo‘lsin. O‘z ishini sidqidildan bajarsin. Faqat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hakamlar ishini nazorat qiladi va ularni baholab boradi.  

Ravshan Ermatov butun dunyoda hurmatga sazovor hakam. U endilikda Superliga va Pro-liga hakamlariga kuratorlik vazifasini bajaradi. O‘zining katta tajribasi va mahorati bilan boshqa hakamlarga ham malaka oshirishga yordam beradi. Hakamlarimiz faqat O‘zbekiston doirasidagi uchrashuvlarda ishlamay, FIFA va OFK tasnifidan o‘rin olgan o‘yinlarda ko‘proq ishlashlariga erishishimiz zarur. Buning uchun har bir hakam o‘z ustida ko‘p ishlashi, mehnat qilishi talab etiladi. Shundagina rivojlanish, o‘sishni kuzatish mumkin bo‘ladi”, - degan Umid Ahmadjonov.

Ko‘proq yangiliklar: