Paxtachidagi abgor yo‘l yoxud Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasining «ajoyib» xati

Jamiyat 14:35 / 11.02.2019 31287

Kun.uz saytida respublikaning turli hududlaridagi abgor ko‘chalar holati yuzasidan aholi murojaatlari asosida muntazam maqolalar e'lon qilinib borilmoqda.

Tahririyatga shunday mazmundagi navbatdagi murojaat Samarqand viloyatidagi Paxtachi tumani «Quvondiq» va «Sardoba» mahallalari aholisidan kelib tushdi.

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Paxtachi tumaniga yo‘l oldik. Aholining ta'kidlashicha, ushbu mahallalar o‘rtasidan o‘tgan ko‘cha juda abgor holatga kelib qolgan va bir necha yillardan buyon ta'mirlanmasdan qolmoqda.

O‘rganishimiz davomida ushbu ko‘chaning holatini ko‘zdan kechirdik.

Haqiqatan ham ko‘chaning ahvoli achinarli. Katta o‘yiq va chuqurlarga to‘la yo‘l yog‘ingarchilik tufayli loy va balchiqqa aylangan. Bu esa aholi va avtomobillar qatnoviga noqulaylik tug‘dirmoqda.

Ushbu hududda 6-umumiy o‘rta ta'lim maktabi joylashgan. Erta tongdan maktabga yo‘l olgan o‘quvchilar loy yo‘ldan qiynalib yurishmoqda. Loy kechib, maktabga yetib borgan o‘quvchilar maktabga kirishdan avval ariqdagi sovuq suvga qo‘llari sovqotib poyabzallarini yuvishga majbur. Aks holda, loy oyoq kiyim bilan maktabga kiritilmaydi.

Ko‘chaning ikki tomonida joylashgan «Quvondiq» va «Sardoba» mahallalari aholisi ko‘cha ta'mirlanishini so‘rab tuman, viloyat mutasaddilariga murojaat qilishgan. Ammo bu muammo bir necha yillardan buyon ijobiy hal etilmay kelinmoqda. Yoki faqat javob xatlari bilan cheklanmoqda.

Shu o‘rinda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasidan murojaatchiga kelgan javob xatlari e'tiborimizni tortdi.

Ushbu bosh boshqarma boshlig‘i Q.Hasanov imzosi bilan 2018 yil 12 sentyabrda murojaatchiga yuborilgan 8-130-sonli javob xatida «Quvondiq» mahallasi hududida joylashgan umumfoydalanuvdagi yo‘lni ta'mirlash 2019 yil I choragida joriy ta'mirlash mablag‘lari hisobidan Paxtachi TYFUK tomonidan ta'mirlanishi bildirilgan.

Ammo 2019 yil I choragining yarmi o‘tayapti hamki amaliy harakatlardan darak yo‘q.

Endi murojaatchiga Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasidan kelgan 2019 yil 25 yanvardagi 01-14/180-sonli ikkinchi javob xatiga e'tibor qarating. Shu o‘rinda xat bayonini o‘z holicha keltirib o‘tamiz. Xulosa o‘zingizdan.

«Sizning 2019 yil 24 dekabr kuni Samarqand viloyat hokimiga Ishonch telefoni orqali yo‘llagan «2019 yil dasturga kiritilgan mahalla hududidagi avotomobil yo‘lini ta'mirlanmayotganligidan norozilik to‘g‘risida»gi 1067-TL/19-sonli murojaatingiz joyida borib o‘rganildi.

Murojaatda ko‘rsatilgan Paxtachi tumanidagi 4k-562 «M-37 avtoyo‘lidan-Sultonobod-Abdiamin» mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘li bo‘lib, uzunligi 14,0 km ni tashkil qiladi. Paxtachi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi balansidagi avtomobil yo‘li hisoblanadi.

Tayloq tumani hududidagi 4k-562 «M-37 avtoyo‘lidan-Sultonobod-Abdiamin» mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lini asfaltlash ishlarini joriy ta'mirlash mablag‘lari hisobidan, ajratilgan mablag‘ doirasida bosh boshqarmamiz tarkibidagi Paxtachi TYFUK tomonidan bosqichma-bosqich ta'mirlashini ma'lum qilamiz», – deyiladi xatda.

Ushbu xatdan ko‘rinib turibdiki, bosh boshqarma uchun 2019 yil 24 dekabr «erta kelgan» ko‘rinadi. Qolaversa, dastlab Paxtachi tumani deb boshlangan xat keyin Tayloq tumaniga «aylanib» qolgani tushunarsiz. Bosh boshqarma xodimlari xatni tayyorlash jarayonida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bosh boshqarma boshlig‘i Q.Hasanov ushbu xatni imzolayotganda o‘qib ko‘rmaganmi? Yoki o‘qib ko‘rgan bo‘lsa, e'tibor qilmaganmikan? Xulosalar yetarlicha.

Muhimi, ushbu javob xatlari orqali mazkur ko‘chaning ta'mirlanish masalasiga yetarlicha javob oldik.

Ayni vaqtda «Quvondiq» va «Sardoba» mahallalari aholisi hamon ushbu ko‘chaning ta'mirlanishidan umidvor. Ularning qo‘llarida esa «tushunarsiz» javob xatlaridan boshqa natija yo‘q.

Kun.uz sayti viloyat va tuman mutasaddilarining ushbu masalaga e'tibor qilishiga ishonch bildiradi hamda voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: