Moskvada terakt uyushtirishga tayyorlanishda ayblangan ikki tojikistonlik 15 yilga qamaldi

Jahon 21:14 / 11.02.2019 6321

Moskvadagi savdo markazi va elektropoyezdda terakt uyushtirishga tayyorlanganligiga iqror bo‘lgan tojikistonlik ikki fuqaro 15 yildan qat'iy rejimdagi koloniyada jazo o‘taydigan bo‘ldi, deb xabar berdi TASS.

Xabarda aytilishicha, Moskva okrug harbiy sudi Baxtiyor Mahmudov va Zafarxon Rahmatovga nisbatan ana shunday jazo tayinlagan.

Ulardan uchta telefon, ikkita avtomat, detonator va o‘q-dorilar musodara qilingan.

RIA Novostining prokurorga tayanib xabar berishicha, ularning sherigi Ruslan Boshirov avvalroq 11 yilga qamalgan. Bu shaxslar IShID tarafdori bo‘lishgani aytilmoqda.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, sudlanganlar internetdan portlovchi qurilma tayyorlashni o‘rganishgan hamda «Shelepixa» va «Ploshchad Gagarina» stansiyalari oralig‘idagi temiryo‘l o‘tkazgichini va Balashixadagi «Edelveys» savdo markazini portlatishni rejalashtirishgan.

«So‘ngra fuqarolarga o‘q uzish va ularga granata uloqtirishni maqsad qilishgan», — degan prokuror.

Mahmudov va Rahmatov 2017 yil dekabrda qo‘lga olingan. Ular ayblariga iqror bo‘lishgan.

Ko‘proq yangiliklar: