«Tottenhem» g‘alabali seriyasini davom ettirdi va «Liverpul»ga yaqinlashib oldi

Sport 20:37 / 10.02.2019 7064

Angliya Premer-ligasining 26-turida Londonning «Tottenhem» klubi «Lester»ni qabul qildi.

Asosiy yetakchilari Harri Keyn va Dele Allisiz qolgan bo‘lishiga qaramay, «shporlar» bu o‘yinda ham g‘alaba qozondi.

O‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlar himoyachisi Davinson Sanches hisobni ochdi.

O‘yinning 59-daqiqasida maydonga tushgan «Lester» hujumchisi Jyeymi Vardi ilk harakatdayoq penalti ishladi va zarbani o‘zi ijro etdi. Ammo uning zarbasini Lloris bartaraf etdi.

Ko‘p o‘tmasdan birinchi golga pas bergan Kristian Eriksen uzoq masofadan Kasper Shmeyxel qo‘riqlayotgan darvozani aniq nishonga oldi. 76-daqiqada esa Vardi xatosini tuzatib, hisobni qisqartirdi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda londonliklarning janubiy koreyalik legioneri Son Xin Min yakuniy hisobni o‘rnatdi - 3:1.

Bu g‘alaba Maurisio Pochettino shogirdlari uchun APLda qatorasiga to‘rtinchi g‘alaba bo‘ldi, «Lester» esa qatorasiga beshinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmadi - 4 mag‘lubiyat va 1 durang.

Endilikda «Tottenhem» ochkolari sonini 60taga yetkazdi va uchinchi o‘rinda mustahkam joylashdi, jamoa turnir jadvali peshqadami «Liverpul» bilan oradagi farqni 5 ochkoga qisqartirgan. «Lester» 32 ochko bilan 12-o‘rinda joylashgan.

Angliya chempionati
26-tur
Tottenhem – Lester 3:1

Gollar: 1:0 – 33 Sanches, 2:0 – 63 Eriksen, 2:1 – 76 Vardi, 3:1 – 90 Son Xin Min.
Tottenhem – Loris, Sanches, Rouz (Uoker-Piters, 88), Tripper, Vertongen, Sissoko, Skipp (Alderveyreld, 71), Uinks, Eriksen, Son Xin Min, Lorente (Vanyama, 80).
Lester – Shmeyxel, Maguayr, Chiluell, Rikardu Pereyra, Evans, Meddison, G‘azzol (Ixeanacho, 72), Barns (Okadzaki, 88), Grey (Vardi, 59), Ndidi, Tilemans.
Ogohlantirishlar: Son Xin Min (16), Rouz (20), Vertongen (28), Tilemans (85).

Ko‘proq yangiliklar: