APLda eng ko‘p maosh Sanchesda. Yevropadagi futbolchi va murabbiylarning maoshlar bo‘yicha reytingi

Sport 20:07 / 10.02.2019 16901

Fransiyaning Equipe nashri Yevropa klublari bosh murabbiylari va futbolchilarini maoshlar miqdori bo‘yicha tasnifladi.

Neymarning maoshi Mbappenikidan ikki barobar ko‘p
Fransiyada eng ko‘p haq oluvchi 10 futbolchidan 9 nafari «PSJ» a'zolaridir. Parijliklar klubi futbolchilari orasida esa Neymar oyiga 3,06 million yevro oladi (qo‘shimcha bonuslar ham bor). Soliqlar chiqarib tashlangan holatda, uning oylik maoshi miqdori 2,6 million yevroni tashkil qiladi. Uning yillik maoshi miqdori soliqlar chiqarib tashlanganida 30 million yevroga teng. Kilian Mbappening maoshi esa unikidan ancha kam: oyiga 1,7 million yevro. U soliqlar chiqarib tashlangan holatda oyiga 1,4 million yevro, yiliga 17 million yevro oladi.

«PSJ» futbolchilarining soliq xarajatlarini qoplash uchun, «majburiy bonus»lar to‘laydi.

Yevropadagi eng ko‘p maosh oluvchi 10 futbolchidan 5 nafari Ispaniya chempionatida
Bular Koutino, Beyl, Suares, Grizmann va Messi. Qayd etish kerakki, Ispaniya – sayyoradagi soliq qonunchiligi eng murakkab davlatdir. Shu vaqtgacha bu yerda Messi, Neymar, Ronaldu, Xabi Alonso, Maskerano, Joze Mourino va boshqa ko‘plab taniqli shaxslar soliq bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan. Ispaniyada futbolchilarning soliqqacha bo‘lgan maoshlari miqdori yuqori, masalan, Neymarda bu 3,06 mln yevroni tashkil qilsa, Grizmannda bu miqdor ko‘proq. Ammo Neymar yiliga qo‘lga 30 million yevro olsa, Grizmann 24 million yevro oladi. Shu tufayli, Lionel Messiga oyiga 8,3 million yevro miqdorida maosh olsada, aslida uning qo‘liga tegadigan pul yiliga 50 million yevroga teng bo‘ladi. Taqqoslash uchun, Krishtianu Ronalduning «Yuventus»dagi oylik maoshi miqdori 4,7 million yevroga teng. Bu Lionel Messining soliqqacha bo‘lgan maoshidan ikki barobar kam, lekin u soliqlardagi farqlar tufayli yiliga 31 million yevro oladi.

APLda eng ko‘p maosh O‘zil va Aleksisda
Pol Pogba, Eden Azar, David de Xea, Kevin de Bryuyne, Serxio Aguero, Harri Keyn, Muxammad Saloh, Romelu Lukaku – ularning barchasi «Arsenal»da asosiy tarkibda o‘ynamayotgan Mesut O‘zil hamda «MYu»da asosiy tarkib futbolchisi sanalmaydigan Aleksis Sanchesdan kam maosh olishadi. Ozil haftasiga 400 ming funt, Sanches esa 500 ming funt miqdoridagi maosh bilan ta'minlangan. Pol Pogba haftasiga 290 ming, Aguero va Azar haftasiga 220 ming funtdan maosh oladi.

Germaniyada Levandovski hammadan ko‘p pul ishlaydi
Polshalik hujumchining oylik maoshi miqdori soliqqacha 1,3 million yevro. Bu esa u Yevropada kuchli o‘nlikdan tashqarida ekanini anglatadi. «Bavariya» - Yevropaning superklubi, ammo myunxenliklar transferlarda ham, futbolchilarning maoshlari borasida ham kamxarj hisoblanishadi.

«Atletiko» bosh murabbiyi «PSJ» bosh murabbiyidan 7 barobar ko‘p oladi

Foto: Denis Doyle/Getty Images

Diyego Simeonening oylik maoshi miqdori soliqqacha bo‘lgan holatda 3,3 million yevroga teng. «PSJ» esa Tomas Tuxelga oyiga 420 ming yevro to‘laydi (soliqlar bilan qo‘shib hisoblanganda). Nohaqlikdek ko‘rinadi: bir tomonda dunyoning eng boy klublaridan biri, ikkinchi tomonda uncha boy bo‘lmagan klub. Simeone rostan ham Tuxeldan ko‘p oylik oladi. Ammo barchasi tashqaridan ko‘ringanidek emas.

Birinchidan, Ispaniyada soliqlar yuqori. Ba'zida, daromadning 48 foizi soliqqa ketadi. Shu tufayli, Simeone qog‘ozda yiliga 39 million yevro ko‘rsatilgan bo‘lsada, qo‘lga 20 million yevro oladi. Tuxelning maoshidan kamroq «ushlab qolishadi» va uning yillik maoshi miqdori 4 million yevrodan ortiqroq bo‘ladi. Bu holatda farq 7 emas, 5 baravar bo‘ladi. Qolaversa, Parij klubida bosh murabbiy asosiy figura emas, «Atletiko»dagidan farqli ravishda.

Gvardiola va Valverde: kim ko‘proq ishlab oladi?
Xosep Gvardiolaning oylik maoshi miqdori 1,9 million yevro, Ernesto Valverdeniki esa 2 million yevro. Lekin soliqlardagi farqlar hisobga olinsa, Gvardiola ancha ko‘proq olishi ma'lum bo‘ladi. 

APLda ikkinchi yirik maosh - Pellegrinida
«Vest Hem» yangi bosqichga chiqish uchun harakat olib bormoqda va pullarni ayamayapti. Manuel Pellegrini oyiga soliqlargacha bo‘lgan holatda 950 ming yevro oladi, bu esa Maurisio Pochettino, Unai Emeri, Maurisio Sarri va Yurgen Kloppnikidan ko‘p. Bu murabbiylarning barchasi, «Napoli»da ishlayotgan Karlo Anchelottidan kamroq maosh oladi.

Ko‘proq yangiliklar: