Toshkentda yangi olimpiya stadioni qurilishi mumkin

Sport 14:42 / 08.02.2019 19864

Toshkentda yangi olimpiya stadioni barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Gosport xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun ariza topshiradi. Arizada musobaqalarni tashkil qilish bo‘yicha maxsus dastur yaratiladi.

Aynan mana shu dasturga binoan poytaxt Toshkentda olimpiya standartidagi yangi stadion qurilishi loyihasi ham taqdim etiladi. Stadion Osiyo o‘yinlarining ochilish va yopilishi marosimi, shuningdek, futbol, yengil atletika musobaqalarini o‘zida qabul qiladi. Kelgusida stadion futbol uchrashuvlarini o‘tkazish uchun xizmat qiladi.

Hozircha stadionning sig‘imi qancha bo‘lishi haqida ma'lumotlar yo‘q. Shuningdek, uning Toshkentning qaysi qismida qurilishiga ham aniqlik kiritilmagan.

Ayni vaqtda bu loyiha ko‘rinishida qolmoqda. Stadion qurilishi uchun dastavval O‘zbekiston Osiyo o‘yinlariga mezbonlik huquqini qo‘lga kiritishi lozim.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil dekabrida parlamentga murojaatnomasida O‘zbekiston Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi kerakligi haqida gapirgandi

«Afsuski, hozirga qadar yurtimizda Olimpiya yoki Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli sport musobaqalari o‘tkazilmagan. Kelgusida yozgi Osiyo o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilish bo‘yicha harakatlarni boshlashimiz kerak», degandi prezident.

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, 25 fevral kuni Toshkentga Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi raisi shayx Ahmad Al-Fahad Al Sabah kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston qaysidir xalqaro turnirga mezbonlik qilishi masalasi shu tashrif davomidagi muzokaralar natijasiga bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: