Hafta o‘yinlari anonsi. Ispaniyada Madrid derbisi, Angliyada «Siti»da yana jiddiy raqib

Sport 19:00 / 08.02.2019 18668

Kelasi haftadan Chempionlar Ligasida pley-off o‘yinlariga start beriladi. Kuchli beshlikda esa, o‘yinlar qizg‘in pallaga kirmoqda. Mavsumning eng muhim pallasiga kirib borayotgan top-klublar yana bir bor o‘zlarini imtihondan o‘tkazib olishadi. Keyingi xatolar qiymati esa, ancha yuqori bo‘lishi tayin.

BORUSSIYa D – HOFFeNHAYM (9 fevral, 19:30)

Foto: Reuters

Dortmundliklar 20 turdan keyin 49 ochko jamg‘arishgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat 2010/11 yilgi mavsumdan 1 ochko kam natija ko‘rsatishyapti, xolos. O‘shanda Klopp boshchiligidagi «Borussiya» mamlakat chempioni bo‘lgandi. Umuman, Bundesligada 20 o‘yindan keyin 49 va undan ko‘p ochko jamg‘argan jamoalar doim chempion bo‘lishgan.

Umuman, Lusen Favr shogirdlari juda barqaror yurish qilishmoqda – mavsumda atigi bir mag‘lubiyat, so‘nggi 6 o‘yindan 5 g‘alaba, ashaddiy raqib «Bavariya» bilan o‘rtadagi farq 7 ochkoni tashkil qilmoqda. Bu seriyani davom ettirish uchun navbatdagi raqib ham dog‘da qoldirilishi kerak.

«Hoffenhaym» ancha jiddiy raqib, har holda Chempionlar Ligasi ishtirokchisi. Hozirda kuchli to‘rtlikdan uzoqroqda bo‘lsa-da, alohida o‘yinlarda har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Xususan, jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida, «qishloqliklar» hisobda oldinda borishgan va faqat o‘yin oxirlarida Dortmund mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. Shuningdek, «Hoffenhaym» safardagi o‘yinlarda yetti o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayotganini ham ta'kidlash lozim.

Mezbonlar ustozi hali ham Manuel Akanji xizmatlaridan foydalana olmaydi. Shuningdek, Tomas Delayni, Marsel Shmelser, Leonardo Balerdi, Marvin Hits kabi futbolchilar ham maydonga tusha olmaydi. Marko Roys, Sancho va Pishchekning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. Kelasi hafta Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yinni e'tiborga olib, murabbiy ularning holati bilan tavakkal qilmasa kerak. Hoffenhaymliklar esa, Dortmundga tizzasidan jarohat olgan Lukas Ruppsiz tashrif buyurishdi. Lukkas Ribeyro esa, Braziliyaga, 21 yoshlilar o‘rtasidagi qit'a chempionatiga yo‘l olgan.

ATLeTIKO – ReAL MADRID (9 fevral, 20:15)

«Barselona»ning «qoqilishidan» «Atletiko» foydalana olmadi va peshqadamga yaqinlashib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. «Betis» maydonida mag‘lubiyatga uchragan Simeone shogirdlari uchun bu so‘nggi 5 oyda La Liga o‘yinlarida ilk mag‘lubiyat edi. «Barselona» uzoqlashibgina qolmay, «Real» ham pastdan yaqinlashib kelmoqda va agar bu safar ham «Atletiko» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa tushib ketadi.

2019 yilni o‘z maydonidagi mag‘lubiyat bilan boshlagan «Real» o‘ziga kelib oldi va keyin, qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozondi. Kuni kecha esa, El-Klassikoda nafaqat mag‘lubiyatga uchramadi, balki o‘yin borasida «Barselona»ga munosib qarshilik ko‘rsata oldi ham. Xullas, bu o‘yinda «Real» yaxshi sport formasida va kayfiyatda kelmoqda, deb bemalol aytish mumkin.

Ammo «Atletiko» ayniqsa, Ispaniya ichki turnirlarida «Real» uchun noqulay raqibligicha qolmoqda. So‘nggi besh o‘yinda «Real» qo‘shnilar ustidan g‘alaba qozona olmagan. Ispaniya chempionati doirasidagi so‘nggi 4 o‘yin durang bilan yakunlangani ham, bu uchrashuvning murosasiz o‘tishidan dalolat qiladi.

Mehmonlar uchun bu safar osonroq bo‘lishining yana bir sababi, «Atletiko» tarkibida bir qator yetakchi futbolchilarning yo‘qligidir. Koke, Kosta va Savich kabi futbolchilar jarohatlangan, Godin va Saulning tushishi ham so‘roq ostida. Bu nomlarning barchasi yaxshi sport formasida asosiy tarkib o‘yinchilari ekani hammamizga ma'lum. «Real» murabbiyi Solari esa, faqat, kechagi kubok o‘yinida «Kamp Nou»da jarohat olgan Lorente yordamidan foydalana olmaydi xolos.

«Real» bu o‘yindan uch kun o‘tib, Niderlandiyaga, Chempimonlar Ligasi doirasidagi «Ayaks»ga qarshi o‘yin o‘tkazish uchun uchib ketadi. Bu borada «Atletiko»ning omadi chopdi – ularning yevrokuboklardagi uchrashuvi 21 fevralga belgilangan.

BAVARIYa – ShALKe (9 fevral, 22:30)

Foto: Reuters

Avvalgi bo‘limdagi ilk abzatsni davom ettiradigan bo‘lsak, «Bavariya» peshqadamdan 7 ochkoga ortda qolyapti va tarixda bunday holatdan chempionlikka faqat ikki jamoa erishgan. 2007 yilda «Shtutgart», 2009 yilda «Volfsburg» bunday qiyin vazifani uddalashgan. O‘tgan turda «Bayyer»ga yutqazib, vazifani mana shunday qiyinlashtirib olgan Niko Kovach shogirdlari uchun Dortmund bilan raqobat qilish endi oson bo‘lmasa kerak.

«Shalke»ning ham ahvoli u qadar yaxshi emas. Ikki frontda kurashish bu jamoaga juda qimmatga tushdi. Yevropa Chempionlar Ligasida guruhni muvaffaqiyatli yakunlagan Dominiko Tedesko shogirdlari o‘tkazilgan 20 uchrashuvning teng yarmida mag‘lubiyatga uchrashdi va hozirda yetakchilardan ko‘ra, xavfli zonaga yaqin kelib qolishdi.

«Shalke» oxirgi marta «Bavariya» ustidan Bundesligada 2010 yilda, Germaniya Kubogida esa, 2011 yilda g‘alaba qozongan. Shunday bo‘lsa-da, bu ikki jamoa o‘rtasidagi to‘qnashuv Germaniyada katta o‘yin hisoblanadi. So‘nggi o‘n yilda «Shalke» nomdor raqibi bilan atigi uch marta durang, uch marta g‘alaba qayd etgan bo‘lsa-da, masalan, ikki yil oldin fevralda Myunxenda o‘tgan o‘yin 1:1 hisobida durang natija bilan tugagandi.

Tarkiblar borasida har ikki jamoada ham muammo yetarli. «Bavariya» Robben, Tolisso, Noyyer va Renato Sansheshning yordamidan foydalana olmaydi. Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar ko‘proq – Stambuli, Embolo, Byorgstaller va Nastasich kabi futbolchilar hali ham to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.

MANCheSTeR SITI – CheLSI (10 fevral, 21:00)

Foto: Global Look Press

Doimo o‘yin sifati va jamoaning rivojlanib borishi haqida fikr yuritishni yaxshi ko‘radigan Pep Gvardiola so‘nggi paytlarda, hisob-kitoblar, «Liverpul» bilan o‘rtadagi ochko farqlari haqida gapira boshladi. Buning sababi ham ma'lum, «Liverpul»ning sovrinlar uchun kurashdagi bosim borasida muammosi borligini nazarda tutgan Pep tinmasdan raqibiga bosim o‘tkazmoqda. Ochkolar haqida aytib, «Liverpul»ni har o‘yinda ochko yo‘qotishdan qo‘rqib o‘ynashga majbur qilmoqda. Natija ma'lum – ikki marta o‘rtadagi farqni yanada oshirish imkoniga ega bo‘lgan «Liverpul» ikki marta durang o‘ynadi – «Lester» va «Vest Hem»ni yenga olmadi. Kuni kecha esa, «Manchester Siti» «Everton»ni yengib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

«Biz birinchi o‘rindamiz, ammo «Liverpul»ning qo‘shimcha bir uchrashuvi bor. Ular «Old Trafford»da g‘alaba qozonishsa, yana birinchi o‘ringa chiqib olishadi», – deyapti kataloniyalik mutaxassis. Shu bilan birga, masalan, «Manchester Siti» «Chelsi»ni ham yutishi kerak-ku, to‘g‘rimi? Go‘yoki, Gvardiola «endi biz hamma o‘yinlarni yutamiz, «Liverpul» chempion bo‘lishni istasa, ochko yo‘qotmasligi kerak», demoqchidek.

Lekin «Chelsi» ham anoyi emas. Villianning ketmoqchi ekani, Azar bilan murabbiy tortishuvlari, Jiruning noroziligi – shuncha muammo bilan ham «Chelsi» Borntmutdagi yirik mag‘lubiyatga kerakli reaksiyani berdi – o‘z maydonida 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ya'ni, londonliklar har qanday muammoli vaziyatda ham jipslashishga va natija uchun kurashishga qodirlar. Bu o‘yinda mag‘lubiyat esa, «Chelsi»ni kuchli to‘rtlikdan pastga tushirib yuborishi aniq.

«Chelsi» «shaharliklar»ga so‘nggi yillarda eng noqulay raqiblardan biri hisoblanadi. Agar superkubok bahsini qo‘shmasak, oxirgi 5 o‘yinning atigi 2tasida «Siti» g‘alaba qozongan va bu o‘yinlarda Pep shogirdlari atigi 4 gol urgan, xolos. Ya'ni, o‘rtacha hisobda bir o‘yinda bittadan ortiq gol ura olishmagan.

Pep Gvardiola Mendi va Kompani kabi himoyachilar yordamidan foydalana olmaydi. Ammo bu u qadar ta'sir o‘tkazmasa kerak, zero safga qaytgan Otamendi, shuningdek, Stounz-Laport juftligi juda ishonchli o‘yin ko‘rsatishmoqda. «Chelsi»da yo‘qotishlar yo‘q. Darvoqe, bu jamoalar oy oxirida Angliya Liga kubogi finalida ham orani ochiq qilishadi.

ATLeTIK – BARSeLONA (11 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Foto twitter.com/FCBarcelona

Bilbaoliklar so‘nggi o‘n yilda faqat uch marta «Barselona» ustidan g‘alaba qozonishgan, xolos. Ammo ushbu afishaga ko‘z tushganda, beixtiyor, murosasiz va shiddatli to‘qnashuv bo‘lishini taxmin qilaveramiz. Birinchidan, «Atletik»ning «Real» va «Barselona»ga qarshi o‘yinlari ham uzoq tarixga ega va bu o‘yinlar ham El Klasiko deb ataladi (bu uch jamoa ayni vaqtda La Ligadan biror marta tushib ketmagan jamoalardir). Ikkinchidan, o‘sha yuqorida aytilgan uch g‘alaba ham juda chiroyli va muhim pallalarda qo‘lga kiritilgan. Masalan, Superkubok bahsidagi 4:0 hisobidagi g‘alaba nafaqat «Atletik» muxlislari, balki boshqalarning ham yodidan chiqmasa kerak.

Shuningdek, bu jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida 1:1 hisobi qayd etilgandi. O‘shanda kataloniyaliklar kichik inqirozga tushishgan va «Kamp Nou»dagi ketma-ket bir qator o‘yinlarda g‘alaba qozona olishmagandi. Qizig‘i, bu safar ham xuddi shunday pallaga kelib qolgandekmiz. «Barselona» mavsumning birinchi davrasidagidek dahshatli ko‘rinmayapti – «Kamp Nou»dagi so‘nggi ikki o‘yinda durang qayd etildi. Avvaliga, «Valensiya» 2:2 hisobi bilan bir ochko olib ketgan bo‘lsa, uch kun o‘tib «Real» kubok o‘yinida o‘zi uchun qulay natija qayd eta oldi.

Bu o‘yin uchun asosiy savol – Messining maydonga tushish yoki tushmasligidir. Zero argentinalik hujumchisiz «Barselona» butunlay boshqa jamoaga aylanishini so‘nggi o‘yinlar ko‘rsatib berdi. Usmon Dembelening ham safda yo‘qligi kataloniyaliklarning hujum chizig‘ida jiddiy muammolarga sabab bo‘lmoqda. Messi «Real»ga qarshi so‘nggi yarim soatda harakat qildi va o‘zini ko‘rsata olmadi. Valverdening aytishicha, u to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q. Yevropa futbolidagi eng muhim pallalar arafasida bosh murabbiy jamoa sardorining sog‘lig‘ini tahlikaga qo‘yishni istamasa kerak. Katta ehtimol bilan, Messi bu o‘yinni ham zaxira o‘rnidig‘ida boshlashi mumkin.

Mezbonlar tarkibida esa, Inigo hali safga qaytgani yo‘q. Top-o‘yinlar qiroli, yuqorida eslangan o‘yinda ham «Barselona» darvozasiga het trik qayd etgan Arits Aduris mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, uchrashuvga to‘liq tayyor bo‘lmasa kerak.

Katta o‘yin ekani o‘z yo‘liga, «Atletik» uchun hozirda ochkolar ham juda zarur. Turnir jadvalining ikkinchi yarmi juda zich joylashgan. Masalan, bilbaoliklar 12-o‘rinda ketayotgan bo‘lishlariga qaramay, xavfli zonadan atigi 3 ochko oldinda, xolos. Ya'ni, birgina mag‘lubiyat jamoani so‘nggi o‘rinlardan biriga tushirib yuborishi mumkin.

BOShQA O‘YINLAR

9 fevral. «Fulhem» – «MYu» (17:30), «Haddersfild» – «ARSeNAL» (20:00), «LIVeRPUL» – «Bornmut» (20:00), «PSJ» – «Bordo» (21:00), «Fiorentina» – «NAPOLI» (22:00), «Parma» – «INTeR» (10 fevralga o‘tar kechasi, 00:30);

10 fevral. «TOTTeNHEM» – «Lester» (18:30), «Sassuolo» – «YuVeNTUS» (22:00), «MILAN» – «Kalyari» (11 fevralga o‘tar kechasi, 00:30).

Ko‘proq yangiliklar: