Kiberxavfsizlik darajasi bo‘yicha eng yaxshi davlatlar reytingi tuzildi. O‘zbekiston oxirgi beshtalikda

Fan-texnika 22:24 / 07.02.2019 26116

Britaniyaning Comparitech tadqiqot kompaniyasi kiberxavfsizlik darajasi bo‘yicha davlatlar reytingini tuzdi. Reytingga 60 ta davlat kiritilgan bo‘lib, unga Yaponiya yetakchilik qilmoqda. Oxirgi o‘rinni esa Jazoir egallagan. Ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritilgan bo‘lib, u 56-o‘rinni egallagan.

Davlatlarning reytingdagi o‘rniga 7 ta mezon, jumladan zararli dasturiy ta'minot bilan zararlangan mobil qurilmalar va kompyuterlar ulushi, pullarni o‘g‘irlash maqsadida amalga oshirilgan xakerlik hujumlari soni, u yoki bu davlatning xakerlik hujumlariga tayyorlanganligi, tegishli qonunchilik mavjudligi kabilar ta'sir qilgan. Har bir davlat 0 dan 100 ballgacha to‘plashi mumkin bo‘lgan, bunda to‘plangan ball qanchalik kam bo‘lsa, davlat kibertahdidlardan shunchalik yaxshi himoyalangan hisoblanadi.

Yakuniy jadvalga ko‘ra, Yaponiya 8,8 ball to‘plagan. 2- va 3-o‘rinlarni Fransiya va Italiya egallagan. Ushbu davlatlar mos ravishda 10,6 va 11,2 ball to‘plagan. Eng yaxshi davlatlar o‘ntaligiga Daniya, AQSh, Irlandiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Singapur kiritilgan. Reytingning oxirgi o‘rnini egallagan Jazoir 55,8 ball to‘plagan.

O‘zbekiston 50,5 ball bilan 56-o‘rindan joy olgan. Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan reytingga kiritilgan yagona davlat bo‘lgan.

Shuningdek, alohida mezonlar bo‘yicha yetakchi yoki qoloq davlatlar ham e'lon qilingan. Misol uchun, Bangladeshda mobil telefonlarning zararli dasturlar bilan zararlangani ulushi eng yuqoriligi, eng ko‘p kompyuterlar zararlangani Jazoirda qayd qilingan. Pul o‘g‘irlash maqsadida xakerlik hujumlariga eng ko‘p Germaniya uchragan. 

Kiberhujumlarga eng yaxshi tayyorlangan davlat sifatida Singapur, eng kam tayyorlangan davlat sifatida esa Vetnam e'tirof etilgan. Shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi zamonaviy talablarga Fransiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya qonunchiligi eng yaxshi javob berishi qayd qilingan. 

Ko‘proq yangiliklar: