Xitoy hukumati sof energetika – quyosh va shamol elektr stansiyalarini moliyalashtirish hajmini oshirmoqchi. Ushbu maqsadlar uchun ikki yil ichida 373 mlrd dollar sarflash rejalashtirilmoqda.
“Sinxua” axborot agentligining ma'lum qilishicha, Pekin qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini keskin oshirmoqchi. Rejaga ko‘ra, 2030 yilga kelib mamlakat energiya ehtiyojlarining 20 foizi ko‘mir, neft va gaz qo‘llanmagan holda ta'minlanishi lozim.
Hozirda sof energetika ulushi bo‘yicha Braziliya dunyoda yetakchilik qilmoqda, ushbu davlatda “yashil” manbalar hisobiga energiyaning 45 foizga yaqini olinadi. 2-o‘rinda Yevropa Ittifoqi davlatlari 17 foizlik ulush bilan turadi.
Hozirda Xitoyda sof energetikadagi ulush 9 foizdan oshmaydi, biroq ushbu davlat bu tarmoqda eng tez o‘suvchi bozor hisoblanadi. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, yaqin 5 yilda dunyoda olinuvchi yangi energiyaning 70 foizi tiklanuvchi manbalar hisobiga ishlab chiqariladi.