O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi PF-5553-son farmoniga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvariga qadar mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasini qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi.
Xususan, kam ish haqi olib ishlovchi xodimlar ish haqini sezilarli darajada oshirish maqsadida, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab eng kam ish haqi oluvchi xodimlarning ish haqlari o‘rtacha 10 foizga oshirilgan.
Jumladan:
- 1 razryadda ish haqi oluvchi xodimlar (farroshlar, qorovullar, ishchilar va boshqalar)ning ish haqlari 1,15 barobarga;
- 2 razryadda ish haqi oluvchi xodimlar (yengil avtomobil haydovchilari, bog‘bonlar, ish yurituvchilar va boshqalar)ning ish haqlari 1,1 barobarga;
- 3 razryadda ish haqi oluvchi xodimlar (elektriklar, santexniklar, kassirlar, laborantlar va boshqalar)ning ish haqlari 1,05 barobarga oshirildi.
Shunday qilib, eng kam ish haqi miqdorlarining oshirilishi (2018 yil 15 iyuldan 7 foizga va 1 noyabrdan esa 10 foizga) va kam ish haqi olib 1 razryadda ishlovchi xodimlarning ish haqlarini oshirilishi hisobiga eng kam ish haqi miqdori o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 1,35 barobarga (1,07×1,1×1,15) oshirildi.
Misol uchun, budjet tashkilotlarida 1 stavkaga ishlovchi farroshning oylik ish haqi miqdori o‘tgan yilning 1 yanvar holatiga (ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni hisobga olmagan holda) 426,5 ming so‘m (172 240 × 2,476) bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yil 1 yanvaridan esa 577 ming so‘mni (202 730 × 2,847) tashkil etdi, yoki 151 ming so‘mga oshgan.
Qayd etilishicha, eng kam ish haqi miqdorining va yagona tarif setkasining quyi darajalari tarif koeffitsiyentlarining oshirilishi budjet sohasida faoliyat yuritayotgan 370 ming ishchining oylik ish haqini va shu bilan birga, iqtisodiyotning turli jabhalarida kam ish haqi olib ishlovchi ishchilarning ish haqlarini oshishiga olib keladi.