Boeing aviasozlik kompaniyasining 2018 yildagi tushumi 8 foizga o‘sib, rekord qiymatdagi 101,1 mlrd dollarga yetgan. Kompaniyaning bu davrdagi sof daromadi esa 24 foizga o‘sib, 10,5 mlrd dollarga yetgan. Kompaniya bunday ma'lumotlarni yakunlangan yil bo‘yicha hisobotida keltirgan.
Bundan tashqari, kompaniya 2019 yilga prognozini taqdim qilgan: kompaniya joriy yilda 895 tadan 905 tagacha samolyot yetkazib bermoqchi. O‘tgan yil bu ko‘rsatkich 806 ta samolyotni tashkil qilgan. Kompaniya, shuningdek, 109,5-111,5 mlrd dollar tushum olishni rejalashtirmoqda.
Sarmoyachilar kompaniya natijalari va prognoziga ijobiy munosabat bildirishgan va kompaniya aksiyalari narxi hisobot e'lon qilingandan keyin 6,5 foizga ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, kompaniya 2019 yilda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi oqibatlari va Xitoy iqtisodiyotining sekinlashishi (kompaniyaning har to‘rt samolyotidan biri aynan Xitoyga ketadi) hamda oxirgi vaqtda aviakompaniyalarning kasodga uchrashi holatlari ko‘paygani kabi bir qator qiyinchiliklarga to‘qnash kelishi mumkin.
Boeing’ning asosiy raqobatchisi Airbus kompaniyasi o‘zining 2018 yil uchun hisobotini fevral o‘rtalarida taqdim qilishi kutilmoqda.