Asia Alliance Bank egalari qarzlarini qaytarish uchun o‘z ulushlarini davlatga berdi. Bu haqda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov ma'lum qildi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Davlat shu yilning yanvarida mazkur aksiyadorlik-tijorat bankining 100% aksiyasi egasiga aylangandi.
«Gap shundaki, bank aksionerlari davlat oldida qarzdor edi va ular bu qarzlarni o‘z mulklari hisobidan to‘lashga qaror qilishdi. Biz bu haqda ular o‘z mulklarini davlat foydasiga qayta rasmiylashtirganlaridan keyin bildik», – dedi u va qanday qarzlar haqida gap borayotganligiga aniqlik kiritmadi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Asia Alliance Bank davlat bankiga aylangani va yaqinda «Poytaxt bank» davlat banki ochilganidan so‘ng bank sektoridagi davlat ulushi 1−2 foizga o‘sib, 83−84 foizni tashkil etdi.