Qaysi davlatlar eng ko‘p orollarga ega?

Light 17:21 / 28.01.2019 56431

Dunyoda shunday mamlakatlar borki, minglab orollarni tasarruf etadilar. Bu orollarning aksariyatida odamlar yashamasa-da va amalda bu orollarning hech bir foydasi bo‘lmasa-da, davlatlar ularni zo‘r berib himoya qilishadi hamda birovga berib qo‘yishni xayollariga ham keltirmaydilar.

Quyida orollarga eng boy davlatlar bilan tanishamiz.

Mavzuga oid:

1. Orol – har tarafi suv bilan o‘ralgan quruqlik bo‘lib, suv sathi eng yuqori darajaga chiqqanda ham yo‘qolib ketmaydi;

2. Orolning materiklardan farqi shartli bo‘lib, maydoniga ko‘ra ajratiladi. Eng yirik orol Grenlandiya eng kichik materik Avstraliyadan taxminan 3 marta kichikroqdir;

3. O‘zbekistonda ham orollar bor. Amudaryodagi Payg‘ambar oroli yaqqol misol bo‘la oladi.

4. Grenlandiya oroli (maydoni 2 130 800 km²) rasman o‘zi tegishli bo‘lgan Daniya (maydoni 43 094 km²) davlatining asosiy hududidan 50 marta kattaroq bo‘lsa-da, bu orolda bor-yo‘g‘i 58 ming aholi yashaydi.

Yaponiya — 6 853ta orol

Orollar mamlakati bo‘lgan Yaponiya 2990 kilometrli arxipelagdan iborat va unda 6 853 orollar mavjud. Ulardan 430tasida odamlar yashaydi. Eng yirik to‘rt orol – Xonsyu, Xokkaydo, Sikoku va Kyusyu asosiy maydonni tashkil qiladi.

Shuncha oroli bo‘lishiga qaramay, Yaponiya chegaradagi bahsli orolchalar uchun qo‘shnisi Xitoy bilan mojaro qilib turadi. Shuningdek Yaponiyaning Rossiya bilan Kuril orollaridan iborat asriy talashuvi hamon yakuniga yetmagan.

Filippin — 7107ta orol

Bu davlatni ham orollardan iborat deb bemalol aytish mumkin. Orollarning eng yirigi va aholi zich yashaydigan Luson bo‘lib, unda mamlakatning yirik shahri Keson joylashgan. Orollarning ko‘pchiligida dam olish maskanlari tashkil qilingan. Tabiati juda go‘zalligi uchun hamisha sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi.

Avstraliya — 8222ta orol

Avstraliyadan azaldan 8000dan ortiq orol mavjudligi ma'lum edi. Ammo so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra ular soni 8222tani tashkil qiladi. Ulardan 3747tasi G‘arbiy Avstraliyada, 1955tasi Kvinslendda, 1000tasi Tasmaniyada joylashgan. Avstraliya orollarining deyarli hammasi yovvoyi tabiati bilan odamlarni maftun qiladi.

Indoneziya – 17 508ta orol

Indoneziyani rasman “Orollar mamlakati” deb atashadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor albatta. Maydoni bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinda turuvchi bu davlat bir biriga yondashib ketgan orollardan iborat va ularning eng yirigi – Yava orolida poytaxt Jakarta shahri joylashgan. Ko‘pchilik orollar vulqonlari, sharsharalari, plyaj va tog‘lari bilan sayyohlarni ohanrabodek tortadi.

“Orollar mamlakati” deb atalishi, 17 mingdan ortiq orolga ega bo‘lishiga qaramay Indoneziya bu ro‘yxatda kuchli uchlikka ham kira olmagan. Orollari soni bo‘yicha esa yetakchidan esa o‘nlab marta orqada.

Kanada — 52 455

Statistik ma'lumotlarga qaraganda Kanada 52 455 orolga ega. Ularning eng yirigi Baffin, 507 451 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. 30 mingdan ortiq orol Gudzon bo‘g‘ozi atrofida joylashgan va buning natijasida eng yirik arxipelaglardan biri hosil bo‘lgan. 

Norvegiya — 55 000ta orol

Ko‘hna Qit'a shimolidagi bu davlat tasarrufida 55 000 orol bor. Ularning aniq soni yo‘q, yuqoridagi raqam nisbiy, juda mayda orollar hisobga olinmagan. Norvegiyaning eng yirik oroli – Shpitsbergen.

Finlyandiya — 188 000ta orol

Finlyandiya turizm qo‘mitasi ma'lumotlariga qaraganda bu mamlakat 179 584 orolga ega va ularning 98 050tasi shu mamlakatga tegishli 188 mingta ko‘llarda joylashgan. Ulardan 455tasidagina doimiy yashovchi aholi mavjud, 700tasi materik bilan bog‘lovchi yo‘llarga ega.

Va nihoyat, Shvetsiya – 221 800ta orol

Shvetsiyalik ekspertlar o‘z davlatlariga tegishli suv hududlarida 221 800ta orol mavjudligini hisoblab chiqishgan va bu holat mazkur mamlakatning ro‘yxat yetakchiligini ta'minlaydi. Hatto poytaxt Stokgolm shahri ham 14 oroldan iborat arxipelagda joylashgan. Bu go‘zal shaharda ellikdan ortiq ko‘priklar mavjud. Eland oroli 5 ming yillik tarixga ega va YuNeSKO ro‘yxatiga olingan qasrlari bilan maqtana oladi. 

Abror Zohidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: