Qaysi choy ozishga yordam beradi?

Light 20:22 / 26.01.2019 59171

Bir finjon choy – nafaqat mazali, balki foydali hamdir. Ushbu maqolada matte, ulun, moychechak, yalpiz va ozishga yordam beradigan yana 5 xil choy haqida hikoya qilamiz. Agar vaznni oson va tez tashlashni istasangiz, ko‘p suyuqlik ichishingiz kerak. Bunda choy optimal variantga aylanishi mumkin. Birinchidan, unda sharbat va gazli ichimliklardagi shakar va boshqa shirin ta'm beruvchi sun'iy moddalar yo‘q. Ikkinchidan, uning tarkibida quvvatni optimal darajada ushlab turuvchi ko‘plab moddalar bor. Uchinchidan, u nafaqat foydali, balki mazali hamdir. O‘zingiz uchun sevimli choyni tanlang va huzur bilan iching.

Oq choy: yog‘ hujayralarini eritadi

2009 yilda “Pitaniye i Metabolizm” nashrida e'lon qilingan tadqiqot natijalari shuni tasdiqladiki, oq choy ekstrakti haqiqatan ham yog‘ hujayralarini eritish jarayonini tezlashtiradi. Olimlar bunday natijaga o‘ziga xos antioksidant (ECGC)ning katta miqdori bilan erishilishini taxmin qilishmoqda.

Ko‘k choy: metabolizmni rag‘batlantiradi

Axir choyning bu turi tarkibida ham ECGC antioksidanti bor. Biroq uning super qudrati boshqa narsada. Aynan ko‘k choy kofein miqdori bo‘yicha chempion (aslida bu ichimlikda kofein eng o‘tkir qahvadagidan ham ko‘proq). Kofein metabolizmni tezlashtiradi, shuningdek faol turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash uchun zaruriy quvvat beradi.

Matte: qondagi qand darajasini kamaytirishda yordam beradi

Janubiy Amerikada yetishtiriladigan yerba mate o‘simligining barglaridan tayyorlanadigan juda foydali choy. U nafaqat kofeinga boy, balki tarkibidagi teofillin va teobromin moddalari sabab qondagi qand miqdorini normallashtirishga ham yordam beradi. 2015 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari 12 hafta davomida kuniga bir finjon matte choyini ichganlar boshqa ichimlikni afzal bilgan xuddi o‘shanday parhez va jismoniy mashqlarga amal qilgan hamkasblariga qaraganda ko‘proq vazn tashlashganini ko‘rsatgan.

Ulun: qorindagi yog‘ni eritadi

Moddalar almashinuvi tezligini oshirishda yordam beradigan yana bir choy turi. Bundan tashqari, ulunda bel sohasida to‘planadigan yog‘ga ta'sir qiladigan kimyoviy birlashmalar bor.

Qora choy: yog‘lar so‘rilishini bloklaydi

Agar ratsioningizda yog‘li taomlar ko‘p bo‘lsa, qora choy siz uchun juda zarur. Axir u yog‘lar so‘rilishini bloklab, vazn to‘plashning oldini oladi. Bu ichimlikda o‘ziga xos polifenol o‘simlik birikmalari, aynan aflavin va arabubinlar bo‘lib, ular yog‘lar so‘rilishini bloklaydi. Bundan tashqari, ayrim tadqiqotlar qora choyning qandli diabet rivojlanishi ehtimolini kamaytirish kuchini ham tasdiqlamoqda – yana bir foydali xususiyat.

Yalpizli choy: ochlik hissini kamaytiradi

To‘g‘risini aytganda, bu choyni hatto ichish ham shart emas — hidlashning o‘zi yetarli. Iyezuitlar universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yalpiz hidi ochlik hissini “bo‘g‘adi”: besh kun davomida har ikki soatda yalpiz hidini hidlagan tadqiqot ishtirokchilari natijada kamroq kaloriya va shakar iste'mol qilishgan. Shunday ekan, ichish ham, bor-yo‘g‘i hidlash ham mumkin. Natijada, vazn tashlaysiz.

Zanjabilli choy: to‘qlik hissini uzaytiradi

Zanjabil damlamasi — qon bosimini normallashtiradigan, qondagi qand miqdorini kamaytiradigan, yallig‘lanish jarayonlarini oladigan mo‘jizaviy ichimlik. U shuningdek to‘qlik hissini ko‘proq muddatga uzaytirishga ham yordam beradi. Shunday ekan tushligingizni zanjabilli choy bilan yakunlang – ana o‘shanda ovqat haqida ancha vaqtgacha o‘ylamaysiz.

Arpabodiyonli choy: uyquda ozishga yordam beradi

Arpabodiyon uyquni muvofiqlashtiruvchi va metabolizm uchun javob beradigan gormon miqdorini oshiradi. Granada universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari arpabodiyon mevalarini doimiy ravishda ovqatga qo‘shib iste'mol qilish yoki ushbu o‘simlik bo‘lagi solingan choy ichib yurish vazn yo‘qotishni tezlashtirishda yordam berishini tasdiqladi. Bu jarayon hatto uyqu vaqtida ham sodir bo‘ladi. Naqadar yoqimli!

Moychechakli choy: zo‘riqishni oladi

Moychechak damlamasini uyqudan oldin ichish — ajoyib fikr. Birinchidan, bu ichimlik qondagi qand miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Ikkinchidan, sedativ xususiyatga egaligi sabab zo‘riqishdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Aynan zo‘riqish “yomon” ozuqaviy xulq-atvorni keltirib chiqaradi va bizni tez uglevodlar, shakar va turli ta'm qo‘shimchalariga ega mahsulotlarni tanlashga majbur qiladi. Agar keyingi safar asabiylashish natijasida gamburger yoki fri kartoshkasini iste'mol qilish haqida o‘ylanib qolsangiz, moychechakli choy iching. Albatta yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: