Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini o‘zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 15:33 / 26.01.2019 16536

2019 yil 26 yanvar kuni Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

MB xabariga ko‘ra, mazkur qaror pul-kredit siyosatining inflatsiyani jilovlashga qaratilgan yo‘nalishini saqlab qolish, real foiz stavkalari ijobiyligini ta'minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadlariga asoslangan.

Qayd etilishicha, 2018 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi yillik hisobda 14,3 foizni tashkil etdi. Bunda, 2018 yilning dekabr oyida narxlarning oylik o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga (4,1 foiz) nisbatan pasayib 2,1 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, 2018 yilning II–IV choraklari davomida choraklik inflatsiya darajasini 2017 yilning mos davriga nisbatan pasayishi kuzatilgan.

Ayni paytda, IV chorakda ichki talabning yuqori bo‘lishi, tartibga solinadigan narxlarning oshishi va almashuv kursi dinamikasi kabi ham talab ham xarajat omillari ta'sirida iqtisodiyotda yuqori inflyatsion bosim saqlanib qoldi.

2018 yil sentabr oyida qayta moliyalash stavkasining oshirilishi bilan bir qatorda prudensial nazorat choralarining kuchaytirilishi kreditlashning narxga bog‘liq hamda narxga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarini qat'iylashtirish va yakunda kreditlar o‘sish sur'atini maqbullashtirish imkonini bergan.

Meva va sabzavotlarini saqlash infratuzilmasi yaxshilanishi hisobiga ularning narxlaridagi mavsumiy tebranishlar nisbatan past bo‘lganligi hamda hukumat tomonidan bozorlarni asosiy iste'mol mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, oziq-ovqat tovarlari inflatsiyasini keskin o‘sishining oldini olishga yordam berdi.

Noyabr oyida energiya resurslar narxlari oshirilishining 2018 yilgi inflatsiya darajasiga ikkilamchi ta'siri prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan past darajada bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, 2019 yilda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi hisobiga inflatsiyani tezlashishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyidan narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlarga (asosan QQS bazasining kengaytirilishi) oldindan moslashishi amalga oshmadi, bu biznes vakillarida soliq tizimidagi o‘zgarishlar ularning moliyaviy faoliyati va ishlab chiqarish xarajatlariga ta'siri xususida noaniqliklar saqlanib turganligi bilan izohlanadi.

Natijada, yillik inflatsiya darajasi (14,3 foiz) sentabr oyidagi prognoz ko‘rsatkichga (16-17 foiz) nisbatan past bo‘lgan.

2018 yilning oktabr-noyabr oylarida aholi va biznes vakillarining qisqa va o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalari tartibga solinadigan narxlar o‘sishi sharoitida oshib bordi. Dekabr oyida respondentlar tomonidan yangi yil bayramidan so‘ng savdo faolligining susayishi taxmin qilinganligi qisqa muddatli kutilmalarni tushishiga sabab bo‘ldi.

O‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarda ham biroz pasayish kuzatilgan bo‘lsada, noyabr oyidagi energiya resurslarning qimmatlashishi hisobiga inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qoldi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda iqtisodiyotning real o‘sish sur'ati 5,1 foizni tashkil etdi.

2018 yilning IV choragida investitsion, ishlab chiqarish va iste'mol faolligi uchun qulay ichki sharoitlar saqlanib qolindi.

Mazkur davrda kreditlashning o‘sish sur'atlari sekinlashgan bo‘lsa-da, ular o‘tgan davrlardagi kabi iqtisodiyotning kredit mablag‘larini o‘zlashtirish salohiyatidan yuqori bo‘ldi.

Kreditlash sur'atlarini o‘sishi bilan bir qatorda ish haqi miqdorini oshirilishi va davlat xarajatlarini yuqoriroq hajmlarda bo‘lishi yalpi ichki talabni rag‘batlantiruvchi omillar bo‘ldi.

2018 yilning IV choragida yalpi taklifning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq omillarida keskin o‘zgarishlar ta'siri kuzatilmadi. Ayni paytda, iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyati, oshib boruvchi talabni to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmaganligi sababli, ichki talabning ma'lum qismi import hisobiga qoplangan.

Bildirilishicha, 2018 yil sentabr oyi oxirida qayta moliyalash stavkasini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qaror natijasida IV chorak davomida pul bozoridagi, shuningdek depozit va kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarida mos ravishdagi o‘sish kuzatildi.

Xususan, 2018 yil dekabr oyida banklararo depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi III chorak bilan solishtirganda 2,9 foiz bandga oshib, 14,2 foizni tashkil qildi.

Likvidlikni jalb qilish bo‘yicha yangi instrumentlarning joriy qilinishi hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarilishi pul-kredit siyosatining qat'iylashtirilishida operatsion ko‘mak berdi.

IV chorakda kreditlash hajmining o‘sish sur'atlari o‘tgan choraklarga nisbatan sekinlashgan.

Muddatli depozitlar o‘sish sur'ati 2018 yil avgust oyidagi sekinlashish va sentabr oyidagi pasayishdan so‘ng, IV chorakka kelib yana tiklangan.

Ko‘proq yangiliklar: