Tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi

Iqtisodiyot 10:26 / 25.01.2019 4088

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2019-2023 yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish hamda monopoliyaga qarshi tartibga solishning milliy iqtisodiyotda va jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan tarkibiy o‘zgarishlar va jarayonlarning yuksak talablariga javob beradigan mutlaqo yangi ilg‘or modelini yaratish;

tovar va moliya bozorlarini tahlil qilishning moslashuvchan, shu jumladan, xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) tamoyillariga asoslangan vositalari va usullarini joriy etish;

raqobatni himoya qilish bo‘yicha oldini oluvchi vositalarni, shu jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens mexanizmi – birinchi navbatda tovar va moliya bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ichida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta'minlash tizimini joriy etish;

rag‘batlantiruvchi tariflar shakllantirishning raqobatni kuchaytiruvchi ta'sir ko‘rsatadigan yangi yuqori samarali usullari va ularni qo‘llashni nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish hisobiga tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari (tariflari)ni davlat tomonidan tartibga solish tizimini tubdan takomillashtirish;

raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini, shu jumladan, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari transchegaraviy shakllarining oldini olish maqsadida yaratish;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun huquqiy ta'sir ko‘rsatish choralarini kuchaytirish va bir vaqtning o‘zida huquqni qo‘llashda keng ixtiyor beradigan vakolatlarni bekor qilish;

“kartel” kelishuvlar va til biriktirishlar kabi raqobatga qarshi harakatlarning murakkab turlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida huquq-tartibot organlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish;

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti metodikasi bo‘yicha tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish indikatorlaridan foydalangan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) joriy etish;

raqobatni cheklash holatlarini aniqlash va ularga nisbatan ta'sir choralarini ko‘rish tezkorligini oshirish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga innovatsion ishlanmalar va axborot texnologiyalarini joriy etish;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining kadrlar salohiyatini tizimli ravishda oshirish, oliy o‘quv yurtlari o‘quv dasturlariga raqobat siyosati va raqobat huquqi sohasida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus yo‘nalishlarni joriy etish;

munosib moddiy ta'minot va ijtimoiy sharoitlar borasida ijtimoiy kafolatlarni nazarda tutgan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyati samaradorligini oshirish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi turli omillarning oldini olish.

Ko‘proq yangiliklar: