O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining buyrug‘i bilan kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat chet el yuridik shaxslariga ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida sho‘'ba yoki boshqa korxonalarni ochish orqali beriladi.
Chet el yuridik shaxsning sho‘'ba yoki boshqa korxonasi o‘z faoliyatini chet el yuridik shaxs nomiga berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Chet el yuridik shaxslarining kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan sho‘'ba yoki boshqa korxonalarining ustav kapitallarida (fondlarida) yuridik shaxslarni - O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarini ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagilar kripto-birja faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) ariza berilgan sanada pul mablag‘i shaklida eng kam oylik ish haqining kamida o‘ttiz ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamg‘armasi mavjudligi, shundan yigirma ming baravari O‘zbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yiladi;
b) O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarga joylashtirilgan hamda mazkur nizomda nazarda tutilgan talablarga javob beradigan ishlab turgan elektron kripto-birja savdo tizimi mavjudligi;
v) kripto-birja savdo qoidalarining mavjudligi, ularda quyidagilar ko‘zda tutilishi shart:
ishtirokchilarga kripto-birja savdolarida ishtirok etishga ruxsat berish tartibi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarilishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar;
kripto-aktivlarni muomalaga qo‘yish va muomaladan chiqarishga ruxsat berish tartib-taomillari;
kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
bitimlar tuzishda kripto-birja savdolari ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
kripto-birja xizmatidan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori va uni belgilash tartibi;
kripto-birjalarda narxlar manipulyatsiyasi va maxfiy axborotdan noqonuniy foydalanishning oldini olish choralari;
kripto-aktivlardan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanishni taqiqlash;
g) kripto-aktivlarni ularga bo‘lgan talab va taklif asosida kotirovkalash;
d) mijozlarning kripto-aktivlar bilan operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, ularning identifikatsiya ma'lumotlarini va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha materiallarni, jumladan ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash;
ye) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga amal qilish;
j) kripto-birja faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq axborotlarni litsenziyalovchi organ talabi bilan taqdim etish.
Lisenziya berishni rad etishga quyidagilar asos bo‘ladi:
litsenziya talabgorining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;
litsenziya talabgori taqdim etgan xujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.