Xalqaro moliya institutlari mablag‘idan foydalanish mexanizmi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 12:24 / 21.01.2019 2089

Vazirlar Mahkamasining 16.01.2019 yildagi “Xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan foydalanish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 40-son qarori qabul qilindi, deb yozmoqda Norma.
 
Qachon davlat xalqaro moliya institutlari (XMI) yoki xorijiy hukumat moliya  tashkilotlarining (XHMT) mablag‘larini jalb qilsa, ikkita muammo yuzaga keladi:

• investitsiya loyihasining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun kim to‘lovni amalga oshirishi to‘g‘risidagi masalani hal qilish cho‘zilib ketadi;
• loyihaoldi va loyiha hujjatlarining sifati pastligi bois u bir necha marta XMI yoki XHMT bilan kelishilgan holda qayta ishlanadi.
 
Bularning hammasi investitsiya loyihalarini amalga oshirishning kechikishiga olib keladi.
 
Muammoni hal qilish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi XMI hamda XHMT mablag‘lari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini  ishlab chiqish bo‘yicha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi.
 
Jamg‘arma quyidagi uchta shartga rioya qilingan taqdirda pul ajratadi:

• budjet tashkiloti investitsiya loyihasi tashabbusi bilan chiqqan;
• investitsiya loyihasi O‘zbekistonning XMI yoki XHMT bilan hamkorlik strategiyasiga (dasturiga) kiritilgan;
• hujjatlarni ishlab chiqish Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan loyiha tashabbuskori - vazirlik yoki idoraning har yili tasdiqlanadigan loyiha-qidiruv ishlarining manzilli ro‘yxatida nazarda tutilgan.
 
XMI yoki XHMT loyihaoldi yoki loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga grant taqdim etsa (texnik ko‘maklashish) yoxud bu summa investitsiya loyihasiga jalb etiladigan XMI yoki XHMT qarz mablag‘lariga kiritilgan bo‘lsa,  Jamg‘arma mablag‘lari jalb etilmaydi.
 
2019 yil 1 aprelga qadar Qurilish vazirligi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlarining qiymatini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi.
 
Hujjat 17.01.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: