TATU tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:01 / 21.01.2019 5039

Vazirlar Mahkamasining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakultetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikdagi O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etiladi.

Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilandi:

• respublika iqtisodiyotining real sektori tarmoqlari uchun axborot texnologiyalarining dasturiy ta'minoti, mobil tizimlarni dasturlash, sun'iy intellekt sohalari bo‘yicha malakali mutaxassislarni, ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;

• axborot texnologiyalarining dasturiy ta'minoti, mobil tizimlarni dasturlash, sun'iy intellekt sohalari bo‘yicha hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish;

• axborot texnologiyalari sohasida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish hamda ta'lim berish;

• yuqori malakali mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviyligi hamda uzluksizligi tamoyillari, shuningdek, jahon ta'lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish asosida rivojlantirish;

• ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ishlab chiqarish tarmoqlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish, rivojlantirish va mustahkamlash.

Fakultet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda ta'lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan universitet tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus tilida, kunduzgi ta'lim shaklida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlari talablari inobatga olingan holda universitetning Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan qo‘shma ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Fakultetga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestatsiyasi Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetida belgilangan tartib, talab va muddatlarga muvofiq O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.

Fakultetda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi universitet va Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti tomonidan O‘zbekiston Iqtisodiyot, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari bilan kelishgan holda belgilanadi.

Fakultetda o‘qish uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori milliy valutada tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining bazaviy to‘lov-kontrakt summasidan kam bo‘lmagan miqdorda universitet va Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston hamda Belarus Respublikalarida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida e'tirof etiladigan, o‘zaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi ikki tomonlama tan olinadigan universitet hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti diplomlari beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: