Qo‘rquv. G‘alabaga qanday erishiladi?

Sport 01:54 / 21.01.2019 52290

Ancha yillar oldin, Abramovichning pullari va Joze Mourino tufayli Angliyaning eng kuchli jamoasiga aylangan «Chelsi» Chempionlar ligasida «Betis»ga yutqazib qo‘ygandi. O‘sha kuni londonliklar rosa jazavaga tushishgan, hakam bilan tortishuv, raqibga qarshi qo‘polliklar avjiga chiqqan, xullas, mag‘lubiyatga chiday olishmagandi. O‘sha uchrashuvni dadam bilan birga ko‘rgandik. «Chelsi» yutqazishni bilmas ekan», degan edi otam o‘yin tugagach.

Umuman, yutqazishni ham bilish kerak, mag‘lubiyatdan keyin yanada kuchli bo‘lamiz, omadsizliklar jamoani chiniqtiradi, tarzidagi gaplar ko‘p aytiladi va menga biroz balandparvoz tuyuladi.

Mag‘lubiyat qachon tajribani oshiradi?

Qachonki, siz o‘sha mag‘lubiyatga tayyor bo‘lmasangiz, o‘sha muvaffaqiyatsizlik sizni izdan chiqarib, baxsiz qila olsa...

Mag‘lubiyatdan o‘limdan qo‘rqqan kabi qo‘rqsangiz…

O‘shandagina aslida, siz uchun mag‘lubiyat ham darsga aylanadi…

Joze o‘shanda ilk oylardayoq «Chelsi»ga g‘alaba qozonishni osonlik bilan o‘rgatgandir, ammo mag‘lubiyatdan qo‘rqishni o‘rgatish, ancha qiyin, ishonavering.

Bugun terma jamoamiz futbolchilari Osiyo kubogida Avstraliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Shu paytgacha darvozasiga hatto birorta ham gol urmaganimiz avstraliyaliklarga qarshi o‘yin o‘ziga xos hayajon bilan kutilayotgani tabiiy. JCh-2010 saralashining oxirgi bosqichida biz bilan bir guruhda to‘p surgan Avstraliya ilk o‘zaro o‘yinda, Toshkentda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va Rauf Inileyevning iste'fosiga sabab bo‘lgandi. Keyin esa, javob o‘yinida 2:0 hisobi bilan yana g‘alaba qozonishdi. Roppa-rosa 8 yil oldin bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi yarim finalida esa, Temur Jo‘rayev darvozasiga javobsiz oltita gol yo‘llashdi.

Vaziyat shunday. Statistika ham, boshqasi ham favorit kimligini aytib turibdi. Ehtimol, futbolchilarimiz munosib o‘ynab, kichik mag‘lubiyatga uchrashsa ham, hech kim ularni u qadar tanqid qilmaydi. Qilinsa ham, aslida Avstraliyani hech qachon yutmaganimizni ro‘kach qilib, falokat bo‘lmaganini aytuvchilar topiladi. Balki men ham o‘sha qatorda bo‘larman. Qisqasi, guruhdan chiqildi, raqib — Avstraliya. Demak, har qanday holatda ham turnir biz uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz hisoblanmaydi.

Balki, eng yomoni shu.

Futbolchilar yoki murabbiylar raqibni qanday tanlashadi, bilmadim-u, lekin biz jurnalistlar va muxlislar turnir boshlanganidan buyon, go‘yoki Avstraliyadan «qochdik». Avvaliga, guruhimizdagi ikkinchi o‘rin sohibi ularning guruhidagi ikkinchi jamoa bilan to‘qnash kelishini-yu, biz yaponlardan oldinda bo‘lmasligimizni taxmin qilib, Iordaniya yoki Suriyani kutdik. Ilk turdayoq iordaniyaliklar syurpriz qilgan paytdan boshlab, kayfiyatimiz tushib ketdi ham — «endi guruhda birinchi bo‘lish kerak, ana shunda Avstraliyaga tushmaymiz». Bu haqida ko‘p o‘yladik, gaplashdik. Qarang, bu yerda Iordaniya Avstraliyani yengmoqda, biz esa, demak ularni yengsa bo‘larkan, deb xulosa chiqarishning o‘rniga, hayiqdik. Bekor bo‘ldi shu ish, Avstraliya o‘z guruhida birinchi o‘rinni olsa bo‘larkan, dedik. Qo‘rqdik.

Bilasizmi, qo‘rquv aslida juda yomon illat emas. Qo‘rquv — bu aqlning borligiga ishora, insonlarni kerak bo‘lganda boshqaruvchi, kerak bo‘lganda, tartibga soluvchi, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi tuyg‘u. Qo‘rquvsiz qahramonlik bo‘lmaydi.

Axir hech narsadan qo‘rqmasangiz, qilayotgan ishingiz qahramonlik emas-da. Qachonki xavf bo‘lgan paytda, biror oqibatdan qo‘rqib turgan paytda ham, o‘sha qo‘rquv bilan chekinmasangiz, baribir qilinishi kerak bo‘lgan ishni qilsangiz, ana shu haqiqiy qahramonlik bo‘ladi. Jasorat qo‘rqmaslik emas, qo‘rquv bilan ham o‘z maqsadidan qaytmaslik, nimanidir qurbon qilish, qo‘rquvni boshqara olishdir.

Biz muxlislar Avstraliyadan qo‘rqayotganligimizning sababi shunda: biz keyingi bosqichga chiqishni rosa ham istaymiz. Ya'ni aslida Avstraliyadan emas, ulardan yutqazib qo‘yishdan qo‘rqamiz.

Agar yutqazib qo‘yishdan qo‘rqmasak, raqibning nimasi qo‘rqinchli? Axir bu boks emas, to‘qson daqiqa maydonga tushiladi, futbol o‘ynaladi. Qachonki biz mag‘lubiyatdan qo‘rqmasak, bu o‘yinni tomosha qilishimiz, mag‘lubiyatdan so‘ng, «ha endi, bular Avstraliya-ku, axir, shu paytgacha hech qachon yutmaganmiz ham», deb televizorni o‘chirib, taqvimning bizga omadsiz kelib qolganini aytib, unutishdan osoni yo‘q. Ammo biz qo‘rqyapmiz, chunki yutishni juda istaymiz. Istaganimiz bo‘lmay qolishi ehtimoli borligidan xavotir olyapmiz.

Rost, keyinchalik, aslida Avstraliya biz uchun arablardan ko‘ra qulayroq bo‘lishi mumkinligi haqida turli fikrlar o‘ylab topdik, asoslashga harakat qildik. O‘zimizni ovutmoqchi bo‘ldik go‘yo. Lekin bilasizmi, bu ham ozgina qo‘rquv tufayli, chunki tasavvur qiling, agar so‘nggi turda Yaponiyani yutganimizda, biz uch ochkoga emas, nimchorak finalda Avstraliyadan qutulganimizga shukr qilardik, to‘g‘rimi? Ha!

Sabr degan tushuncha bor, bilasiz-a? Ba'zida bu so‘zni sal noto‘g‘ri tushunamiz, ishlatamiz. Sabr deganda oldimizda turgan qiyinchiliklarga, muammolarga chidamlilik, har qanday sharoit va holatlarga o‘zimizni rozi qilish, aniqrog‘i, harakatsizlik tushuniladi.

Yo‘q, aslida sabr degani — bu harakatsizlik emas. Sabrning haqiqiy ma'nosi maqsad yo‘lida mardonavor kurashish, ana shu kurash natijasida oldimizga chiqishi mumkin bo‘lgan turli qiyinchiliklarga chidashdir. Sabr non yo‘qligi uchun uyda och o‘tirish emas, o‘sha nonni qidirib, izg‘irinda ko‘chaga chiqish va sovuqqa, yo‘l azobiga bardosh berishdir. Ana o‘sha sabrning haqiqiy mukofoti beriladi, menimcha. Chunki non yo‘qligi uchun ochlikka chidagan odamning qorni to‘yib qolmaydi. Shunchaki, hammasi tugashini kutadi, xolos.

Nima deb o‘ylaysiz, futbolchilarimiz ham Avstraliyadan qo‘rqisharmikin? Masalan, Suriya bilan Avstraliya o‘ynagan kuni, so‘nggi daqiqalar o‘ta intriga bilan o‘tayotgan paytda, biznikilar ham Suriyaga muxlislik qilgan bo‘lishlari ehtimol. Xuddi bizga o‘xshab, Avstraliya emas, Suriya bilan o‘ynashni istagan bo‘lishlari haqiqatga yaqin. Ammo bu qo‘rquvmi, agar shunday bo‘lsa, raqibdanmi yoki turnirni erta tark etib qo‘yish xavfidanmi, bilmadim.

Qaniydi qo‘rqishsa! Ochig‘i, men shuni juda istardim. Hech narsadan qo‘rqmay, yuqori kayfiyatda maydonga tushib, har qanday holatga ruhan tayyor holda o‘ynashlarini xohlamasdim. Qaniydi futbolchilarimiz avstraliyalik futbolchilardan, ularning kuchidan, kombinatsiyalaridan emas, ularga yutqazib qo‘yishdan juda qo‘rqishsa. O‘yinning o‘zidan emas, o‘yindan keyingi oqibatdan xavotirga tushishsa. Mag‘lubiyatdan so‘ng, hammasi tugaydi, deb emas, hammasi boshlanadi, deb tushunishsa…

Axir bugungi vazifaga, maqsadga vijdonan yondoshgan har bir futbolchi mag‘lubiyatdan emas, uning oqibatidan qo‘rqadi, ya'ni, jamoamizning turnirni tark etishi, muxlislar oldida uyalish, alam va uqubatlar juda og‘ir bo‘lishini o‘ylagan sari vahima bosaveradi. Ana o‘sha futbolchi sabr qiladi, to‘qson daqiqa maydonda borini berish orqaligina maqsadga erishish mumkinligini biladi.

Nima ham derdik, aziz futbolchilar, sizga bugun faqat qo‘rquv yordam beradi. Qo‘rqing! Mag‘lubiyatga uchrash siz uchun oddiy, mantiqiy yakunga o‘xshab turmasin. Bugun mag‘lubiyatni og‘ir qabul qila olmasangiz, undan qo‘rqmasangiz, ertaga hech qanday g‘alaba bo‘lmaydi. Yutqazishni, bugun turnirni tark etishni aqlingizga sig‘dira olmang, bunday oqibatni tasavvur qilganingizdayoq, sizni titroq bossin!

Ana shundagina qahramon bo‘lasiz. Zero, jasoratning sharti qo‘rquvning yo‘qligi emas, borligi va uni yengishdir.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: