Qashqadaryoda pista plantatsiyalari tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:19 / 21.01.2019 8653

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi ma'qullanishi mumkin:

Dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalarining asosiy ko‘rsatkichlari;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi xomashyosi va mineral xomashyoni sanoat yo‘li bilan chuqur qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada barqaror rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

mehnatga layoqatli, ammo ishsiz bo‘lgan aholini ish bilan ta'minlash maqsadida samarasiz foydalanib kelinayotgan 2000 gektar yer maydonini dehqon xo‘jaliklariga ajratib, yangi intensiv texnologiyali bog‘zorlar va tokzorlar tashkil etish orqali aholini ish bilan ta'minlash rejasi;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish dasturining asosiy ko‘rsatkichlari;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida yer maydonlaridan oqilona foydalanish va irrigatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.

Dastur parametrlarining bajarilishini ta'minlash bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish vazifasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti zimmasiga yuklatiladi.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tijorat banklari tomonidan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tahlil qilib boradi va muvofiqlashtiradi;

Dastur bajarilishining monitoringi olib borilishini tashkil etadi va har oyda tizimli ravishda muammoli masalalarni ko‘rib chiqadi, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy chora-tadbirlar ko‘radi;

zarurat bo‘lganda, tayyorlangan va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, Dasturga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta'minlaydi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi vazirliklar, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan ta'minlash va loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan tarmoq jadvallarini ishlab chiqib tasdiqlaydi.

Qamashi tumanining tabiiy iqlim sharoitini inobatga olgan holda Davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2500 gektar yer maydoniga pista plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.

Tumanda ishsiz aholini ish bilan ta'minlash va xonadonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida:

tumanda kurkachilik sohasini rivojlantirish istiqbolli loyihaligini inobatga olib, 2019-2020 yillarda, O‘zsanoatqurilishbank ATB tomonidan 6000 xonadonga 600000 bosh kurka yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi ta'minlanadi;

O‘zparrandasanoat uyushmasi, O‘zsanoatqurilishbank ATB bilan birgalikda 2019 yilda Qamashi tumanida yangidan 3 ta kurkachilik agrofirmasini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi 2019-2020 yillarda Qamashi tumanida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tomonidan aholi xonadonlariga Xalq banki ATB tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga chetdan 2 ming bosh chorva mollari olib kelinishini ta'minlaydi;

tumanda quyonchilik sohasini rivojlantirish maqsadida, 2019-2020 yillarda, Mikrokreditbank ATB tomonidan 3000 xonadonga 40000 bosh quyon sotib olish uchun, imtiyozli kreditlar ajratiladi;

Madaniyat vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari va TIF Milliy banki imtiyozli kredit liniyasi hisobidan tumanda zamonaviy istirohat bog‘i tashkil etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Qashqadaryo viloyatiga 2018 yil 28-29 yanvar kunlari tashrifi davomida bergan topshiriqlari va Chiroqchi tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni 62.2-bandida tadbirkorlikni faol rivojlantirish orqali kelgusida budjet tushumlarini ko‘paytirish uchun zamin yaratish maqsadida, Davlat Soliq qo‘mitasi tomonidan bir oy muddatda ayrim soliqlar bo‘yicha stavkalarni kamaytirish va qo‘shimcha soliq imtiyozlarini berish yuzasidan yuklatilgan topshirig‘iga asosan Qamashi tumanida:

qishloq joylarida umumiy ovqatlanish korxonalari uchun soliq stavkasini 2 barobarga, olis va tog‘li hududlarda 70 foizgacha kamaytirish;

yangidan tashkil etiladigan sanoat korxonalarini 5 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod qilish;

savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalarini 2 barobarga kamaytirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasi respublika budjeti hisobidan tuman hududidagi Maydanak observatoriyasiga olib boruvchi avtomobil yo‘lini 2019 yilda to‘liq ta'mirlashni yakuniga yetkazishni ta'minlaydi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Qamashi tuman hokimligi tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlaydi.

Qurilish vazirligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tumandagi 15-asrga oid “Langar ota” ziyoratgohi va “Langar ota” masjidini ta'mirlash, hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish konsepsiyasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu obektlar bo‘yicha ta'mirlash ishlarini moliyalashtirishni Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturini shakllantirishda ushbu qarorda nazarda tutilgan markazlashgan manbalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, shu jumladan, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni inobatga olinishini ta'minlaydilar.

Ko‘proq yangiliklar: