O‘zbekistonda qator ko‘rik-tanlovlar an'anaviy ravishda o‘tkaziladi. G‘oliblar OTMga davlat granti asosida qabul qilinadi

O‘zbekiston 12:53 / 21.01.2019 12105

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq cholg‘ulari ijrochilari”, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” va Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Xalq cholg‘ulari ijrochilari”, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” va Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovlarini an'anaviy ravishda o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) ushbu respublika ko‘rik-tanlovlari:

“Xalq cholg‘ulari ijrochilari” ko‘rik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019 yilning iyun oyida;

Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” ko‘rik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019 yilning oktabr oyida;

Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” ko‘rik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2020 yilning aprel oyida o‘tkaziladi.

b) ushbu respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarining bir nafardan yakka ijrochilari tegishli yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim muassasasining bakalavriat bosqichiga qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

Tashkiliy qo‘mita (B.Sayfullayev):

ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish bo‘yicha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash choralarini ko‘radi;

tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rik tanlovlarning sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat, statuetka namunalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etiladigan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi.

Belgilanishicha, ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun har yili nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xayriya mablag‘lari va qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Madaniyat vazirligi ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi.

Moliya vazirligi G‘aznachiligi ko‘rik-tanlovlarning tantanali taqdirlash marosimi tadbirlari bilan bog‘liq shartnomalarni respublika xomashyo birjasining maxsus elektron portaliga e'lon joylashtirmasdan, elektron savdolarsiz, tanlovlar asosida rasmiylashtirishni hamda oldindan kamida 50 foiz to‘lovlarni amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tanlov g‘oliblarini bir nafardan yakka ijrochilarini tegishli yo‘nalish bo‘yicha Madaniyat vazirligi tasarrufidagi oliy ta'lim muassasasining bakalavriat bosqichiga qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinishini nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: