O‘zbekistonda 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi quriladi 

O‘zbekiston 12:00 / 21.01.2019 8912

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish agentligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan tashkil etilgan «Energetika va transport sohasidagi Davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh)» mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maslahatchisi Remir Mukumov, IFC’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zafar Hoshimov, Yevropa va Markaziy Osiyoda DXSh maslahat xizmatlari menejyeri Georgi Petrov va Shveytsariya elchixonasining vakili tadbirda so‘zga chiqishdi. 

Davra suhbatida davlat va xususiy sektor hamkorligining mexanizmlari va investitsiya vositalariga asoslangan holda energetika va transport sohasiga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mahalliy mutaxassislar havo transporti, yo‘llar va energiya sohasida DXSh loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirishda jahon tajribasining eng yaxshi misollari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Buning uchun huquqiy asoslar, turli xil loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida keng tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar taklif etilgan.

Umumiy rivojlanish strategiyasining bir qismi sifatida, O‘zbekiston xususiy sektorning davlatni rivojlantirishda DXSh mexanizmidan foydalanish orqali ishtirokini kengaytirish uchun juda ko‘p ish olib boradi. Infratuzilma investitsiyalari va xavflarni taqsimlash uchun kapitalni jalb qilish kabi muhim jihatlardan tashqari, DXShlar innovatsiyalarni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy o‘sishni ta'minlashga yordam beradi. Shu sababli, ko‘plab davlatlar DXShni o‘zlarining rivojlanish strategiyasining asosiy elementlaridan biri deb hisoblashadi.

Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tadbir IFC’ning O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini oshirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatining bir qismidir. 

Bildirilishicha, tranzaksion maslahatchi sifatida IFC O‘zbekiston hukumati uchun 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini moliyalash, qurish va boshqarish uchun xususiy sektor tajribasi va sarmoyasini jalb qilish uchun DXSh loyihasini tuzishga yordam beradi. 

IFC, shuningdek, mamlakat bo‘ylab dializ markazlarini moliyalashtirish, jihozlash, saqlash va faoliyat yuritish uchun xususiy investorlarni jalb qilish uchun DXSh loyihasi bo‘yicha maslahatlar beradi.

Ko‘proq yangiliklar: