O‘zbek-hind urug‘chilik klasteri tuziladi

O‘zbekiston 08:41 / 21.01.2019 4918

Prezidentning joriy yilning 18 yanvaridagi Hindistonga amaliy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, Hindistonning Gandinagare shahrida bo‘lib o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat” IX xalqaro investitsiya sammitida sarmoyadorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, turli sohalarda istiqboli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat rahbarimizning ilgari surgan qator taklif va tashabbuslari o‘laroq O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi a'zolari mezbonlar bilan ilg‘or texnologiyalar va bilimlar almashishga doir kelishuvlarga erishdilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari hamda Gujarat shtatiga chegaradosh bo‘lgan Maxarashtra shtatidagi gibrid va genetik modifikatsiyalangan (GM) urug‘larini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi Nath Bio-Gens, Ltd kompaniyasi bilan Andijonda o‘zbek-hind qo‘shma urug‘chilik klasterini tashkil etishga kelishdilar.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev hamda Nath Bio-Gens, Ltd kompaniyasi rahbari Satish Kaxlivaz imzolagan hujjatga asosan, O‘zbekistonda urug‘ yetishtirish uchun yer maydoni ajratilib, davlat-xususiy sherikchilik asosida urug‘chilik klasteri o‘z faoliyatini boshlaydi. Bunda urug‘larni ko‘paytirish va tayyorlash uchun hindistonlik mutaxassislarga mahalliy ekin navlarining murtak plazmalari va yurtimizda yaratilgan ekin navlari bilan ishlash imkoniyati beriladi.

Nath Bio-Gens kompaniyasi urug‘ yetishtirishdan to ularni sotishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy tizimni yaratish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritadi, shuningdek urug‘larni yangi navlarini taqdim etadi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida urug‘larni tijoratlashtirish mexanizmlari bo‘yicha amaliy maslahatlari bilan sohani rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Hindistondan O‘zbekistonga paxta, bug‘doy, pomidor, kartoshka, yeryong‘oq, loviya va sabzavotlar kabi eng muhim qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha urug‘chilik sohasidagi yangi innovatsiyalar olib kiriladi, bu yo‘nalishdagi tijoratlashtirish ishlari ham birgalikda amalga oshiriladi.

Yaqin kunlarda hind mutaxassislari yurtimizga tashrif buyurib, urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib, baho beradilar, hamkorlikka doir masalalar esa yanada batafsil muhokama etiladi.

Shu bilan bir qatorda, yangi tuzilajak klaster doirasida fermerlar uchun muhim va foydali bo‘lgan har qanday innovatsiyalarni kiritish orqali qishloq xo‘jaligining rentabelligini oshirish, mahsulotlarning sifatini yaxshilashga erishish ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: