Maktabdagi «ta'qib va zo‘ravonlik»​ka qarshi loyihasi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston 12:39 / 21.01.2019 7390

Xalq ta'limi vazirligi hamda YuNeSKO tashkiloti mamlakatimiz maktablarida bullingni oldini olish qo‘shma loyihasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov va YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Pilar Alvarez-Laso uchrashuvida ushbu masalaga to‘xtab o‘tilgan, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. 

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

«Bulling» so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, «ta'qib va zo‘ravonlik» ma'nosini bildiradi. Bu tushuncha bolalarni qasddan va doimiy ravishda ta'qib qilishni anglatadi. Bullingning psixologik, jismoniy, ochiq yoki ko‘rinmas shakllari mavjud. 

«Ko‘p hollarda bolalar maktabdagi nizolarni kattalardan berkitadi. Bunga bir necha omil, ya'ni o‘g‘il-qizlarning tahqirlanishi, qo‘rqitilishi, ayrim ishlarni amalga oshirishga majburlanganliklari, qolaversa, tahdid qilinishi sabab bo‘lishi mumkin. Hozirda bu hodisa butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham dolzarb masalalardan biriga aylangan», – deyiladi vazirlik axborotida.

Ushbu loyihaning olib borilishidan asosiy maqsad, mamlakatdagi umumta'lim maktablarida yuqorida keltirilgan muammolarning oldini olishdan iborat ekanligi ta'kidlanmoqda. 

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, mazkur loyiha 2019-2020 yillarda amalga oshirilishi rejaga kiritildi. Loyiha doirasida maktab o‘qituvchilari va psixologlari uchun bulling sabablarini aniqlash va ularni oldini olish uchun takliflar ishlab chiqishga qaratilgan amaliy va nazariy tadbirlar, trening va seminarlar o‘tkaziladi.

Loyiha yakunida pedagoglar uchun «Ta'lim muassasalarida bullingni oldini olish» metodologiyasi ishlab chiqiladi. Mazkur metodologiya nizolarni samarali hal etish va bolalar o‘rtasida yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Ta'kidlash joizki, ushbu loyiha Xalq ta'limi vazirligi tomonidan xalqaro hamkorlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha qo‘yilgan dastlabki qadamlardan biridir.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta'lim vazirligi tomonidan 2018 yilning dekabr oyida Pilar Alvarez-Lasoga «Ta'lim homiysi» ko‘krak-nishoni topshirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: