Islohotlar importi. O‘zbekiston Gruziya tajribasini o‘zlashtirishi kerakmi?

O‘zbekiston 09:29 / 21.01.2019 30016

Kun.uz muxbiri Shokir Sharipovning ekspert Yuliy Yusupov bilan suhbati davom etadi. Suhbatning avvalgi qismlarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar haqida gap borgan edi. Bu safargi mavzu — iqtisodiy islohotlar yo‘lida ijobiy natijalarga erishgan ayrim davlatlarning tajribasi haqida bo‘ladi.

Tas-IX

YouTube

— Qisqa vaqt ichida iqtisodiy ahvolini o‘nglab olgan davlatlar ham bor. Boz ustiga, ularda islohotlar tashabbusi cheklangan insonlar tarafidan ko‘rsatilgan.

Yuliy Yusupov: — Ha, XX asrda ham, XXI asrda ham siz aytganingizdek, cheklangan insonlar tomonidan islohotlar o‘tkazilgan ko‘plab davlatlar bor. Ko‘pgina hollarda, aynan avtoritar rejimlarda. Klassik misol — Chilidagi Pinochetdan, harbiylar hokimiyatni egallaganidan boshlasak, ular ham islohotlar o‘tkazishgan, lekin bu holda siyosiy terror ham yuz bergan va insonlar o‘ldirilgan.

— Balkim bu misollarni olmaslik kerakdir?

— Lekin, tan olish kerak, aynan iqtisodiy sohadagi islohotlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Chili hozir iqtisodiy jihatdan Lotin Amerikasidagi yetakchi davlatga aylangan. Yoki Xitoyni olaylik, u yerda hanuzgacha avtoritar rejim hukmron. Ya'ni u yerda g‘arbcha demokratiyadan asar ham yo‘q, hokimiyat partiya ichidagi ma'lum bir insonlar guruhiga — kommunistik partiyaga tegishli. Ya'ni, sof avtoritar rejim. Lekin bir guruh insonlar, avvalo Deng Syaoping — Xitoy islohotlari yetakchisi tomonidan jiddiy iqtisodiy islohotlar o‘tkazilgan. 1979 yilda boshlangan islohotlardan so‘ng Xitoy namoyish etgan iqtisodiy yuksalish jahon tarixida misli ko‘rilmagan darajaga yetdi.

Islohotlar avtoritar rejimlar emas, siz aytganingizdek, insonlar guruhi tomonidan o‘tkazilgani borasida ham misollar bor. Masalan, 90-yillarda Boltiqbo‘yi mamlakatlarida. Islohotchilar guruhi demokratik yo‘l bilan hokimiyatga erishib, islohotlar o‘tkazishadi. Sharqiy Yevropa davlatlarida ham. Gruziyada 2004–2005 yillarda islohotlar boshlangan va hamon davom etmoqda. Gruziya — real, qo‘lda chizilmagan saylovlarga ega to‘laqonli demokratik davlat. Ommaviy axborot vositalari ham erkin.

Nega Gruziya tajribasi bizga yaqin? Chunki u nisbatan yaqinda paydo bo‘ldi va ungacha bo‘lgan holat O‘zbekistondagi vaziyatga o‘xshash edi. Ha, mamlakat kichkina, u yerda islohot o‘tkazish oson, biroq men islohotchilardan biri bilan gaplashganimda, menga ko‘pincha aytishadigan gaplarni unga aytdim — «Gruziya unchalik katta bo‘lmagan mamlakat, aholisi kam, bizda esa 33 million, sizlarda islohot o‘tkazish oson». U shunday dedi: «Aslo! Xorijiy investorlar avvaliga bizning mamlakatga qiyo ham boqib qarashmagan, 3 milliongina aholisi bor ekan, deb! Bunday kichik davlatda zavod qurishdan nima naf — talab bo‘lmaydi. Sizlarda esa 33 million. Xorijiy investorlar sizlarga borishadi, sizlarga qaytaga osonroq bo‘lishi kerak». Xullas, bu borada qat'iy fikr bildirib bo‘lmaydi.

Lekin boshlang‘ich shartlarda — bizda juda o‘xshash vaziyat hukmron. Xuddi o‘shanday yomon o‘yin qoidalari, yomon institutlar, qovushmagan soliq tizimi, dabdala bank tizimi, davlat boshqaruvining zamon bilan hamnafas emasligi. Gruziyada chindan ham radikal tizimli islohotlar o‘tkazilgan. Mana shu islohotlardan so‘ng iqtisodiyot yuksala boshlagan. Ha, ular Amerika singari boyib ketishgani yo‘q, buni 5–10 yoki 20 yil ichida amalga oshirishning imkoni ham yo‘q. Lekin barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishdi. Odamlarning daromadlari osha boshladi. Binobarin, rivojlanishning real istiqboli ko‘zga tashlana boshladi. U yerda hokimiyat vakillari allaqachon almashgan, islohotchilar jamoasi ishdan ketgan, lekin shunday o‘yin qoidalari yaratildiki, hokimiyat tepasiga kelgan ularning raqiblari tizimni vayron qilishdan o‘zlarini tiyishdi. Ular bu yutuqlardan foydalanib, islohotlarni davom ettirishmoqda. Ehtimol, ular buni u qadar muvaffaqiyat bilan olib bora olishmayotgandir. Balkim ilg‘or islohotchilar jamoasi bo‘lganida natijalar yanada yaxshiroq bo‘lardi, lekin ular o‘zlarigacha yaratilgan narsani saqlab qola bilishdi.

— Siz «qoidalarni o‘zgartirishdi», deyapsiz. Qanday qoidalar o‘zgartirildi? Nima mamlakatda qisqa vaqt ichida iqtisodiy holatni o‘zgartirish imkonini berdi?

— Ularda ham xuddi bizdagidek, hamma narsani o‘zgartirish kerak edi. Hamma yerda, barcha jabhalarda. Lekin eng asosiy islohot bu — ma'muriy islohot bo‘ldi. Birinchidan, davlat bajaradigan funksiyalar qayta ko‘rib chiqildi. U yerda ham bizdagidek, davlat bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lmagan ishlar — iqtisodiyotning barcha sohalariga aralashish bilan shug‘ullanardi. Tabiiyki, bunday sharoitlarda iqtisodiyot samarali faoliyat ko‘rsata olmas edi. U yerda hamma narsa tepadan pastgacha boshqarilar edi.

Mana shu keraksiz funksiyalardan voz kechildi. Bozor iqtisodiyoti sharoitda davlat shug‘ullanishi kerak bo‘lganlarigina qoldirildi. Shunda ham, eng minimum darajada. Nega? Chunki, masalan Fransiyada davlat o‘z gardaniga oladigan narsani bizda ham joriy qilish mumkin emas. Bizda bu narsani amalga oshirish uchun imkoniyatlar yetarli emas. Bizda moliyaviy imkoniyatlar yetishmaydi, mahoratli davlat apparati yo‘q.

Gruzinlarning barchasi chin yurakdan to‘g‘risini aytishgan: «mana bunisini eplay olamiz, mana bunisi ham amallaymiz, anavilarini esa, garchi ular fransuz va italyanlarda bo‘lsa ham — qo‘limizdan kelmaydi».

— Demak, haqgo‘ylik rivojlanish vositasi ekan-da?

— Xuddi shunday! Bunga yana radikal kadrlar islohotini ham qo‘shing. Ko‘plab idoralarda barchani yoppa ishdan bo‘shatib, yangi insonlarni ishga qabul qilishgan. Bunga qo‘shimcha ravishda davlat apparati keskin qisqartirilgan. Modomiki, funksiyalar bartaraf etilayotgan ekan, odamlar ham qisqaradi. Bu ma'muriy islohot haqida edi.

Soliq islohoti. Ularning soliq tizimi ham biznikiga o‘xshash edi. Biznesga juda katta soliq yuklamasi tushar edi. Iqtisodiyotning katta qismi xufiyona edi. Deyarli hech kim soliq to‘lamas edi. Ular 22 ta soliqdan avval 7 tasini qoldirishdi, hozir esa ularda 5 ta. Mana shu qolganlarida ham stavkalar pasaytirildi.

Deyarli barcha soliqlar olib tashlandi, hech narsa qolmagandek, boz ustiga, stavkalar pasaytirilgan, aftidan, budjet vayron bo‘lishi kerak edi. Lekin birinchi yilning o‘zidayoq budjet o‘sgan… Keyingi yillarda yanada ko‘proq o‘sgan. Ya'ni, insonlar nihoyat soliq to‘lay boshlashgan. Tizim biznesni rag‘batlantirish uchun yaratilgandi. Aytaylik, daromad solig‘i qolgan, lekin biznes tomonidan investitsiyaga sarflanadigan daromad soliqdan ozod edi. O‘z-o‘zidan, tadbirkorda daromadini yeb yuborishga emas, uni nimagadir investitsiya qilishga rag‘bat paydo bo‘ladi. Shu kabi nyuanslar ko‘p.

Mehnat qonunchiligi islohoti. Gruzinlarning ham mehnat kodeksi biznikidek, amalda sovetcha — o‘sha paytlarga xos, ayni kunlarda ish bermaydigan normalar bilan qalashtirib tashlangan edi. Ular mittigina mehnat kodeksi yozishdi, uning asosiy mazmuni «shartnomaga qarang» edi. Ya'ni «Xodim va ish beruvchi shartnomaga qarang, ular qanday sharoitlarda kelishib ishlashni yaxshiroq bilishadi», degani.

Ijtimoiy ta'minot tizimi. Juda noqulay imtiyozlar tizimi joriy etilgan edi. Yo‘lkiraga imtiyoz va hokazo. O‘sha shahar transportida bepul yurish huquqini olaylik — axir undan faqat shaharliklar foydalana olishadi-ku? Qishloqda yashovchi odam bundan foydalana olmaydi. Bu masala imtiyozlarning pulga chaqilishi bilan hal etildi — barcha imtiyozlar pulga aylantirilib, ijtimoiy nafaqa sifatida tarqatila boshlandi.

Ijtimoiy nafaqa olish uchun esa anketa to‘ldirish kerak. Unda qancha ishlab topishingiz, oilangiz daromadi, uyingizda muzlatgich bormi va shunga o‘xshash boshqa savollar ham beriladi. Bu anketa internetga yuklanadi. Har qanday odam uni tekshirib ko‘rishi mumkin. Bu juda mantiqli — chunki soliq to‘layotgan har bir odam pullari qayoqqa sarflanayotganini bilishga haqli. Agar siz kimdir noto‘g‘ri ma'lumot berganini ko‘rib qolsangiz, ariza yozasiz va u tasdiqlansa, o‘sha odam nafaqadan mahrum etiladi.

Davlat xizmatlari taqdim etilishining keskin yaxshilanishi. Masalan, hozir siz kvartirangizni sotmoqchi bo‘lsangiz bir uyum ma'lumotnoma to‘plashingiz, notariusda bir talay hujjatlarni tasdiqlatishingiz va hokazo harakatlarni qilishingiz kerak. Bular nega kerak? Siz haqingizdagi barcha ma'lumotlar yagona bazada saqlanishi mumkin — zamonaviy texnologiyalarning bunga qurbi yetadi. Hattoki notarius ham kerak emas. Siz yashash joyingiz bo‘yicha idoraga kelasiz, kerakli joyga barmoq bosasiz yoki ID kartangizni suqasiz va aynan o‘zingiz ekanligingizni tasdiqlatib olasiz. Bo‘ldi, hech qanaqa qog‘oz kerak emas! Biz esa bir qog‘ozni u idoradan bu idoraga olib chopamiz, holbuki, allaqachon yagona informatsion baza yaratib qo‘yishimiz mumkin. Bizni holdan toyguncha chopishga majbur qilgan qog‘oz esa so‘ngra allaqayoqlarda chang bosib yotadi. Gruziyada bunday holatlar to‘g‘rilab chiqilgan.

Yana juda ko‘plab islohotlar. Xususiylashtirish o‘tkazilgan. Masalan, energetika sohasida. Islohotlargacha Gruziyada energiya ta'minoti bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistondagidan ham battarroq edi. Bizda ayniqsa hududlarda vaziyat juda yomon. Ayni paytda Gruziya — elektr energiyasi eksportchisi. Hammasi islohotlar sharofatidan. Elektr stansiyalari xususiylashtirildi — ularni xususiy qo‘llarga berib, o‘zaro raqobat qilishlariga yo‘l ochildi, davlatda esa elektr energiyasini taqsimot qilish liniyalari qoldi. Raqobatning kuchi elektr stansiyalarini kamroq xarajat bilan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish majburlay boshladi. Gruzinlar bu sohada boshqa davlat tajribasini o‘zlashtirishdi, xolos.

 

Tibbiyot sohasi. Poliklinika kimga tegishli ekanining nima farqi bor. Davlat menga vaucher beradi — bu bepul xizmatlardan foydalanish huquqini beruvchi qog‘oz. Men shu vaucher bilan meni qoniqtiruvchi poliklinikaga yo‘l olaman. Turar joyim bo‘yicha biriktirilganiga emas, aynan menga yoqqaniga. Davlat keyin vaucher bo‘yicha o‘sha poliklinikaga pul ko‘chirib beradi. Poliklinikalar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi va eng yaxshi xizmat ko‘rsatadigani yutib chiqaveradi. Bu yerda hech narsa ixtiro qilish kerak emas, shunchaki jahon tajribasini olib, uni qo‘llash kerak. Mana shunday islohotlar juda ko‘plab sohada qo‘llanildi.

— Ular vaziyatning tubdan o‘zgarishiga qancha muddatda erishishdi?

— Sanoqli yillarda — 3–4 yil ichida.

— Bu o‘ylashga majbur qiladi…

— Hammasi o‘z qo‘limizda. Bizda qaysidir sohalarda ko‘proq chigal masalalar to‘planib qolgandir, lekin ayrim sohalarda salohiyatimiz Gruziyadagidan ko‘proq. Xo‘sh, farq nimada? Gruziyada bu islohotlarni o‘tkazgan yagona jamoa bo‘lgan.

Bizning mamlakatimiz esa katta, o‘z sohasida ish yuritadigan ko‘proq islohotchilar kerak. Ular esa yo‘q. Nazarimda, bizda islohotlarning depsinishiga sabab bo‘layotgan eng asosiy muammo — kadrlar yetishmovchiligi.

Birinchidan, bizda davlat xizmati shunday qurilganki, inson u yerga tushgachgina xizmat pillapoyalaridan ko‘tarila boshlaydi. Ya'ni, tanlov asosida emas. Aytaylik, vazir yoki tuman hokimi lavozimiga bo‘sh o‘rin bor. Bu lavozimga odam qanday tanlanishi kerak? Tanlov e'lon qilinishi lozim. Davlat xizmatida avval ishlaganmi-yo‘q, istagan inson unga ariza tashlashi mumkin bo‘lishi kerak. Va qandaydir mahoratli inson eng yaxshisini tanlab olishi kerak.

Bizda esa bunday ishlar qanday amalga oshirilishi tushunarsiz. Faqatgina prezidentning tashabbusi bilan so‘nggi vaqtlarda xorijda o‘qigan, biznes odamlari ilgari surila boshlandi. Lekin ular sanoqli. Amaldorlarning katta qismi xizmat pillapoyalarida ko‘tarilishda, byurokratik tizim ichida harakatlanishda davom etmoqda. Ular bir lavozimdan boshqasiga o‘tkaziladi. Boz ustiga, aytaylik, bank sektorida ishlay oladigan odam qishloq xo‘jaligiga borib tushmoqda.

— Ha, aynan bir insonlarni u joydan bu joyga ko‘chirishdek tasavvur uyg‘otmoqda.

— Chunki kadrlar yetishmovchiligi bor.

— Siz tanlovni tilga oldingiz. Ular o‘tkaziladimi?

— Unaqa tanlovlar yo‘q. Muammo shundaki, qartadek chiylanayotgan amaldorlar ichida aslida islohotlarni o‘tkaza olishga qodir bo‘lganlari juda kam. Nega? Chunki uzoq yillar davomida savodli va tashabbuskor insonlarga talab bo‘lmadi. Talab sal boshqacharoq insonlar — topshiriqni bajara oladiganlarga edi. Masalan sizga «ko‘cha o‘tkaz», deyilsa bas, u joyda insonlar yashayotgan xonadonlar bo‘lsa ham hamma yerni vayron qilib ko‘cha o‘tkaziladi. Boshqalarga esa… «Paxtani ter», deyiladimi, fermerlarni turli yo‘llar bilan azoblab, rejani bajarishga majburlaysan. Ularni tizzasigacha ariqdagi suvga tushirasan, kaltaklaysan, lekin rejani uddalashga majburlaysan. Ana shundagina sen yaxshi menejyer hisoblanasan. U tizimda tashabbus ko‘rsatish o‘limga teng edi hattoki «tashabbus jazolanadi», degan ibora ham bor edi. 

Ko‘proq yangiliklar: