Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

O‘zbekiston 13:07 / 21.01.2019 4718

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash va muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash va muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, tanlov – bu chaqiruv yoshidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan umumjismoniy tayyorgarlik, kasbiy tanlov, shuningdek yakka tartibda suhbat o‘tkazishga oid tadbirlar kompleksi.

Tanlov o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad quyidagilar hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibini intellektual qobiliyatli, dunyoqarashi keng, sog‘lom, vatanparvar, fidoyi va sadoqatli chaqiriluvchilar bilan butlash;

chaqiriluvchilarning Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz hamda O‘zbekiston tarixi haqida egallagan bilimlari, fikrlash qobiliyati va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

barcha chaqiriluvchilar uchun tanlov vaqtida bir xil shart-sharoit yaratib berish, ijtimoiy adolat va samarali jamoatchilik nazoratini ta'minlash;

chaqiriluvchilarning tanlovda nomzod sifatida Vatan oldidagi mas'uliyati va burchlarini ongli ravishda anglagan holda qatnashishlarini ta'minlash.

Tanlov tuman (shahar) hokimining qarori bilan tayinlanadigan chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, kasbiy tanlov o‘tkazish hamda ular bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazish uchun tuziladigan Tanlov Kengashi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Kengash nomzod chaqiriluvchilarning hujjatlarini o‘rganish, ularning umumjismoniy tayyorgarligini baholash, kasbiy tanlov o‘tkazish hamda yakka tartibda suhbat o‘tkazish ishlarini tashkil etadi.

Kengash mazkur Nizomda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilishi uchun mas'uldir.

Chaqiriluvchilarning:

jismoniy tayyorgarlik darajasi – jismoniy normativlarni qabul qilish orqali;

bilim saviyasi va intellektual qobiliyati – kasbiy tanlov orqali;

vatanparvarlik, fidoyilik, sadoqatlilik xislatlari – yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Bunda kasbiy tanlov kompyuter texnikasidan foydalangan holda amalga oshirilib, O‘zbekiston tarixi, buyuk sarkardalar va ajdodlarimiz haqida beriladigan savollarga chaqiriluvchilar tomonidan berilgan javoblar umumiy baholash mezonlariga muvofiq baholanadi.

Yakka tartibda suhbat chaqiriluvchilarning mahalla va jamiyatda tutgan o‘rni, oilaviy ahvoli, obro‘-e'tibori, yurish-turishi, qiziqishlari shuningdek buyuk sarkardalarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz hamda O‘zbekiston tarixi haqidagi egallagan bilimlarini aniqlash doirasida amalga oshiriladi.

Chaqiriluvchilarga har yili o‘tkaziladigan tanlovda faqat bir marta ishtirok etish huquqi beriladi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumiy rahbarligi ostida tashkillashtiriladi va nazorat qilinadi.

Tanlov yilning 10 avgustidan kelgusi yilning 25 fevraliga qadar o‘tkaziladi.

Tanlovga chaqirish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan, sog‘lig‘ining holati bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli bo‘lgan chaqiriluvchilar jalb etiladi.

Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash va harbiy - texnika mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlariga murojaat qiladi.

Tanlovda ishtirok etadigan chaqiriluvchilar soni cheklanmaydi.

Chaqiriluvchilar umumjismoniy mashg‘ulotlar, kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbatga ro‘yxat asosida fuqarolik pasporti bilan kiritiladi.

Tanlov davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

chaqiriluvchilarning hujjatlarini o‘rganish;

hujjatlarda qayd etilgan tibbiy xulosalarga asosan harbiy - texnik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish hamda muddatli harbiy xizmatga borish uchun yaroqli bo‘lgan chaqiriluvchilarni tanlab olish;

chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash;

kompyuter savollari orqali kasbiy tanlov o‘tkazish;

yakka tartibda suhbatlashish.

Chaqiriluvchilarning hujjatlarini o‘rganish, ularning sog‘lomligi va harbiy - texnik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish hamda muddatli harbiy xizmatga borish uchun yaroqli ekanligiga baho berish tibbiy xulosada qayd etilgan ma'lumotlar asosida tegishli tartibda joylardagi mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: