Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston 15:45 / 20.01.2019 40198

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Federal kansler Angela Merkelning taklifiga binoan 2019 yil 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasiga jo‘nab ketdi.

«Davlatimiz rahbarining hamma sa'y-harakatlari, barcha safarlaridan maqsad bitta – xalqimiz manfaatini ta'minlash. Iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik jihatdan ulkan imkoniyatlarga ega Germaniya bilan hamkorlikdan ham katta maqsadlar ko‘zlangan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Tashrif doirasida Germaniya poytaxti Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayyer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar o‘tkaziladi.

Kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar, fan-ta'lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalar o‘rin olgan. 

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Myunxen shahrida esa O‘zbekiston prezidentining Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder, shuningdek, Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya, ilm-fan, texnika, ta'lim va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid ikki tomonlama qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: