Reuters AQSh va Xitoy o‘rtasida tayyorlanayotgan savdo kelishuvi tafsilotlaridan xabar topdi

Iqtisodiyot 07:45 / 20.01.2019 8007

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushida yarashuv sulhini tuzishda majburiy shart Vashington tomonidan Pekin va'da qilgan savdo islohotlari o‘tkazilishini muntazam tekshirib turishi bo‘lishi mumkin. Bu haqda ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar borishidan xabardor bo‘lgan manbalarga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Bitim tuzilsa ham tariflar xavfi yo‘qolmaydi”, deb aytgan manbalardan biri.

Xitoy tomoni Vashingtonning bu shartini xushlamay qabul qilgan, biroq bu muzokaralar to‘xtashi uchun sabab bo‘lmagan. Xitoy tomoniga yaqin manbaning ta'kidlashicha, AQSh “vaqti-vaqti bilan tekshiruv o‘tkazishni” istamoqda, biroq qanchalik darajadaligi hozircha noma'lum.

Manbalardan birining aytishicha, “bu kamsitishga o‘xshaydi”. “Biroq ikki tomon ham Xitoy hukumatining yuzi shuvut bo‘lmaydigan biror yo‘lni topishar”, deb qo‘shimcha qilgan manba.

Manbalarning ta'kidlashicha, yangi tariflar kiritish xavfi islohotlarni davom ettirish uchun qo‘llanadi.

Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo urushi AQSh prezidenti Donald Tramp Pekinga ikki davlat o‘rtasidagi savdo shartlarini o‘zgartiradigan bir qator talablarni bajarishi uchun bosim o‘tkazish maqsadida Xitoy tovarlariga bojlar kiritgandan keyin avj olgan. Ushbu talablar Xitoyning intellektual mulkni himoya qilish, texnologiyalarni berish, sanoat subsidiyalari va boshqa savdo masalalari bo‘yicha siyosatini o‘zgartirishini o‘z ichiga oladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: