Avstraliya termasi bosh murabbiyi: «Futbolchilarimga sovuqqonlik yetishmayapti»

Sport 13:20 / 20.01.2019 22445

Osiyo Kubogi 1/8 finali doirasidagi Avstraliya-O‘zbekiston o‘yini oldidan matbuot anjumani dastlab «sokkeruz» bosh murabbiyi Grehem Arnold va himoyachi Aziz Behich ishtirokida o‘tdi.

«Musobaqadagi ishtirokimizdan rohat olyapmiz. Ertangi bahsni ham intizorlik bilan kutmoqdamiz. Suriya bilan o‘yindan keyin 5 kun dam oldik, yigitlar ruhan juda ham tetik holatda. Bahsda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonish istagidamiz», – deya dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Grehem Arnold.

«Biz nimchorak finalda turibmiz. Keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qilishimiz zarur. Buning uchun ham ruhan, ham jismonan tetik holatdamiz. Musobaqa boshidan buyon biz uchun juda qiziqarli o‘tyapti.

Jamoa qaysi jihatdan o‘sishga erishishi kerak, deb hisoblayman? Yigitlar sovuqqonlik bilan o‘ynashni o‘rganishlari zarur. Suriya bilan o‘yinda aslida kattaroq hisobda g‘alaba qozonishimiz zarur edi. O‘yin oxirigacha uchta juda zo‘r imkoniyatdan foydalana olmadik. Kerakli vaqtda va kerakli joyda sovuqqonlik bilan yo‘l tuta bilish kerak. Bu lavozimga kelganimga 4 oydan oshdi, 7ta o‘yin o‘tkazdik. Jamoa bu o‘yinlarda bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda.

Iordaniya bilan o‘yinda tarkibdagi futbolchilarning tajribasi biroz kamlik qilgan edi. Ammo uchinchi turdagi Suriya bilan uchrashuvga borib, biz o‘yinni to‘la nazorat qildik. Men hakamlarni muhokama qilmoqchi emasman, ammo penalti belgilanganidan keyin Suriya yana o‘yinga qaytdi. Ammo biz haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdik.

Guruh bosqichida uchta arab jamoasi bilan o‘ynadik va bu o‘yinlarda asosan uzoq paslar bilan to‘p surdik. O‘zbekistonga qarshi bahsda esa to‘pni paslatib oshirishlar ko‘proq kuzatiladi, deb o‘ylayman.

Mettyu Leki sog‘ayib, safimizga qaytdi. Josh Rizdon ham diskvalifikatsiyadan qutuldi. Bu ikki futbolchi ertaga maydonga tushishi mumkin», – deya aytib o‘tdi Grehem Arnold.

Avstraliyaliklar himoyachisi Aziz Behich ham o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Oxirgi o‘yinimizda Suriyaga qarshi juda yaxshi harakat qildik va ijobiy natijaga erishdik. Shu ruhda davom etish niyatidamiz. Butun jamoaning e'tibori ertangi o‘yinga qaratilgan. Vazifani uddalashga harakat qilamiz.

Tarkibimizda ko‘plab futbolchilar ilk marta bu musobaqada ishtirok etishyapti. Yaqin Sharqda, bunday mehmondo‘stlik muhitida o‘tgan o‘yin bu yosh futbolchilar uchun yaxshi tajriba bo‘ldi.

O‘zbekiston yaxshi jamoa. Murabbiylar shtabi bu raqibni yetarlicha tahlil qilib chiqishdi. Biz musobaqa davomida kuchayib boryapmiz. Har bir raqibimizni hurmat qilamiz.

Biz barcha bahslarda o‘yinni o‘zimiz nazorat qilishga harakat qilamiz. Biz asosiy e'tiborni raqibga emas, balki o‘zimizga, jamoa sifatidagi o‘yinimizni o‘stirishga qaratamiz. Tarkibdagi qaysidir futbolchini ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim», – dedi Behich.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya terma jamoasi «B» guruhidan ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqdi. Jamoa ilk turda Iordaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi, shundan so‘ng Falastin darvozasiga javobsiz uchta to‘p yo‘lladi. So‘nggi turda 90+3-daqiqada urilgan g‘alaba goli evaziga Suriyani mag‘lub etdi – 3:2. Terma guruhdagi ikkita o‘yinini Al-Aynda, xususan 3-turni ertangi o‘yin o‘tadigan «Xalifa bin Zayd» stadionida o‘tkazdi. Omadli taqvim tufayli nimchorak final oldidan O‘zbekistonga qaraganda ikki kun ko‘proq dam olish imkoniyatiga ega bo‘lgan avstraliyaliklar O‘zbekiston terma jamoasi bilan bir mehmonxonada yashab kelmoqda.

Avstraliya–O‘zbekiston o‘yini ertaga, 21 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi. O‘yinni qatarlik Abdulrahmon Al-Jassim boshchiligidagi hakamlar boshqarib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: