Turkiya Trampning sobiq vakilini terrorizmni targ‘ib qilishda aybladi

Jahon 15:19 / 20.01.2019 10209

AQSh prezidentining IShIDga qarshi kurashish bo‘yicha sobiq maxsus vakili Brett Makgerkning Anqara haqida aytgan so‘zlari terrorizm targ‘ibotidir, dedi Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Qalin.

Avvalroq Makgerk Turkiyani Suriya bo‘yicha "ishonchsiz hamkor" deb atagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Suriyadagi "ekstremistik qatlam" bo‘lgan muxolif guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bundan tashqari, u bu guruhlar AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan "Suriya demokratik kuchlari"ga muqobil bo‘lish uchun judayam kichiklik qiladi, deb hisoblaydi.

"Tahlilingiz noto‘g‘ri, Turkiyaga nisbatan aytgan so‘zlaringiz esa butkul safsata va terrorizm targ‘ibotining davomidir. Turkiya Suriyadagi yuz minglab aholi, jumladan arablar, kurdlar, ossuriyaliklar hayotini saqlab qoldi. Siz hududdagi Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchilariga yana kuch berishga urinmoqdasiz. Ammo buni uddalay olmadingiz", deb yozdi Qalin Twitter sahifasida.

Makgerk davlat departamentida IShIDga qarshi kurashda xalqaro muvofiqlashtirish bo‘yicha mas'ul bo‘lgan. U AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika qo‘shinlari Suriyadan olib chiqilishini ma'lum qilganidan so‘ng iste'foga chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: