Yaponiya va Koreyadan dengizning nomlanishi bo‘yicha kelishib olish so‘raldi

Jahon 19:39 / 19.01.2019 11459

Xalqaro gidrografiya tashkiloti (IHO) Yaponiya va Janubiy Koreyani Sharqiy (Yapon) dengizni qanday atash bo‘yicha bahsga nuqta qo‘yib, bir to‘xtamga kelishga chaqirdi. Yapon OAV ma'lum qilishicha, IHO tegishli murojaatni Yaponiya hukumatiga topshirgan.

Janubiy va Shimoliy Koreyada ham ushbu dengiz Sharqiy dengiz, Yaponiyada esa Yapon dengizi deb ataladi. Seulning fikricha, Tokio XX asr boshidagi mustamlakachilik siyosati doirasida o‘ziga to‘g‘ri keladigan nomni kiritgan. Yaponiyada, o‘z navbatida, “Yapon dengizi” nomi yevropalik xaritashunoslar tomonidan XIX asrdayoq kiritilgani va u ushbu dengizning dunyoda eng keng tarqalgan nomlanishi hisoblanishi aytilgan. Janubiy Koreya dengizning “Sharqiy”ga o‘zgartirilishi masalasini rasman 1992 yilda ko‘targan. 

Ta'kidlash joizki, ikkala tomon ham boshqa davlatlar ularning fikricha dengizning “noto‘g‘ri” nomini qo‘llashlariga og‘riqli munosabat bildiradilar. Yaponiya va Janubiy Koreya bu bahsga boshqa davlatlarni ham aralashtirishga harakat qilib keladi.

Ko‘rinishicha, bu bahslar xalqaro tashkilotni bezor qilgan va u bu masalada nuqta qo‘yilishini istamoqda.

Ma'lum qilinishicha, Xalqaro gidrografiya tashkiloti ikki davlatdan ushbu bahsni 2020 yilgacha hal qilishni talab qilgan. Yaponiya bu masalada muzokaralar olib borishni istamayapti, biroq u IHO tomonidan qo‘llanuvchi “Yapon dengizi” nomi murosaga kelinmasa, o‘zgartirilishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Ikkala davlatning pozitsiyalari hisobga olinsa, ular dengizning o‘z talqinlariga ko‘ra nomlanishidan to‘liq voz kechishlari dargumon, shu sababli dengizga qo‘sh nom – Yapon (Sharqiy) dengizi yoki Sharqiy (Yapon) dengizi nomi berilishi mumkin. Ta'kidlanishicha, Seulni bu variant qoniqtiradi, biroq Tokio bunga hozircha rozi bo‘lmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: