Tesla xodimlarining 7%ini ishdan bo‘shatishini ma'lum qildi. Kompaniya Model 3 elektrokarini ommaviy ishlab chiqarishda iqtisod qilmoqchi, deb yozadi Reuters.
Ma'lum bo‘lishicha, kompaniya rahbari Ilon Mask o‘z xodimlariga ishdan bo‘shatishlar haqida xabar yuborgan. Mask o‘tgan yil og‘ir va muvaffaqiyatli bo‘lganini, hozirda Tesla pullarni tejashga majburligini va xodimlarning bir qismini ishdan bo‘shatishini ma'lum qilgan.
"Afsuski, boshqa yo‘l yo‘q", deya qayd etgan u.
Tesla 3,5 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirgan. Qayd etilishicha, Mask kompaniyasi o‘tgan yili 9% xodimini ishdan bo‘shatishini ma'lum qilgan. 2017 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, Tesla kompaniyasida 37 543 kishi ishlagan.