O‘zbekistonda gaz mahalliy ehtiyojlar va eksport shartnomalarni amalga oshirish ​uchun qazib olinadi –​ «O‘zbekneftgaz»​

O‘zbekiston 17:14 / 19.01.2019 15286

«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Saidov O‘zbekistonda tabiiy gaz zaxirasi mahalliy ehtiyojlar, shuningdek, uzoq muddatli eksport shartnomalarni amalga oshirish maqsadida qazib olinishini bildirdi. Bu haqda u BNE nashriga bergan intervyusida gapirib o‘tgan. 

«2018 yilda 60-65 milliard kubometr gaz qazib olindi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga natijalardan 8,5 foizga ortiq. Bundan tashqari 2018 yilda 3 million tonna uglevodorod qazib olingan va to‘liq qayta ishlash uchun korxonalarga yetkazib berildi.

O‘zbekistonda tabiiy gaz zaxirasi mahalliy ehtiyojlar, shuningdek, uzoq muddatli eksport shartnomalarni amalga oshirish maqsadida qazib olinadi. O‘zbekiston neft mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish uchun uglevodorod xom-ashyosini Turkmaniston, Rossiya va Qozog‘istondan ham sotib oladi», – deydi u. 

Ulug‘bek Saidovga ko‘ra, tabiiy gaz zaxirasining asosiy qismi Xitoy va Rossiyaga eksport qilinadi. 

Shunga qaramay, O‘zbekistonda  gaz yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Masalan, avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari — gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga cheklov bilan, limitdan tashqari esa ortiq olingan gaz sarfi uchun boshqa narx o‘rnatib, gazni realizatsiya qilish qator qiyinchiliklarni paydo qilmoqda. 

«O‘zbekenergo» AJ energiya ishlab chiqarish stansiyalarining barchasi ham to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Bunga energiya ishlab chiqarish uchun zaruriy xom-ashyo – gaz yetishmasligi sabab qilib ko‘rsatiladi. 

Bundan tashqari, kuz-qish davrida, ayniqsa havo harorati pasayganda, tabiiy gaz bosimining tushib ketishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi, ayniqsa vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangan.  Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi o‘laroq Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta'minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolangani e'lon qilinganiga qaramay, gaz yetkazib beruvchi joylardagi infratuzilma foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: