Eski shahardagi eski muammolar yoxud Andijon shahar hokimi va “Avtoyo‘l” mutasaddilari shahar aylanadimi?

Jamiyat 11:29 / 19.01.2019 29731

Andijon viloyati markaziga kelganki mehmon Eski shaharni albatta ko‘radi. Qadimiy yodgorliklar - Registon maydoni, muzeylar, Zahiriddin Muhammad Boburdan esdalik obidalar, Xotira xiyoboni, “O‘zbegim” ko‘ngilochar markazi – bularning hammasi Eski shaharda joylashgan.

Vodiydagi eng gavjum, turli meva-chevalari bilan dong taratgan  Dehqon bozori ham Eski shaharda.  Mazkur bozor atrofini shunchaki “gavjum” deyish bor manzarani to‘liq ifodalab bera olmaydi. Chunki, savdo majmuasi hududida avtomobillar va odamlar ko‘pligidan harakatlanishning o‘zi qiyin. 

Vodiyda jamoat transporti deyilganda  “Damas” avtomobillari tushuniladi. Dehqon bozori atrofida “Damas”lar juda ko‘pligidan mashinaga betalofat tushib-chiqishning o‘zi alohida jarayon . Atrofingiz to‘la mashina. Har bir qadamni olazarak bo‘lib  bosasiz.

Bozorga kirish ko‘chasidagi yo‘lning ayanchli holati esa necha yillardan beri Eski shaharning og‘riqli nuqtasiga aylangan.

Shaharning qoq markazidagi  Abdurauf Fitrat nomi bilan ataluvchi mazkur ko‘cha oxirgi marta sobiq ittifoq paytida ta'mirlangan ekan. Qarang-a...“Endigina 28 yil bo‘libdi”. Hozir kuniga o‘n minglab odamlar foydalanadigan bu yo‘lning holatiga qarab bo‘lmaydi.

Yozda chang-to‘zon, qishda ko‘lmak to‘la chuqurlar.  Yo‘l o‘rtasida og‘zini karrakdek ochib kanalizatsiya quduqlari turibdi. Avtomashinalar signali tinmaydi. Odamlarning “Qoch-qoch”, “Po‘sht-po‘sht” hayqiriqlaridan, “bu yerga qaytib kelmasam”, deysiz.

Piyodalar o‘tish joyi va avtomashinalar harakati uchun mutlaqo sharoit yo‘q. Avtomobil haydovchilari va piyodalar harakatini tartibga soluvchi birorta yo‘l belgisini ko‘rmaysiz. To‘rt tomondan kelayotgan, bozor to‘xtash joyidan chiqqan haydovchi xohlagan tomoniga xohlagan paytida burilib ketaveradi. Piyoda  ming xavotir bilan mashinadan tushishi va ehtiyot bo‘lib harakatlanishi lozim. “Yo‘l harakati qoidalari” bu joyda amalda emas.  Hududda qachon tozalik, obodonchilikka e'tibor berilganini eslash qiyin.

O‘tgan yillar davomida markaziy va mahalliy televideniye orqali mazkur muammo juda ko‘p yoritilganidan boxabarmiz. Tanqidiy ko‘rsatuvda yo‘l mutasaddisi:  “Muammo tez kunlarda hal bo‘ladi”, degani ham esimizda.

 Dehqon bozoriga bir kunda minglab odamlar avtomobillarda keladi. Shu joydan shaharning turli hududlariga marshrut taksilar, ya'ni “Damas”lar qatnaydi. Haydovchilar yo‘lning holati abgorligi sababli avtomobilining “xodovoy” qismlari ishdan chiqavergach, o‘z yonlaridan pul yig‘ib, ko‘chaga shag‘al to‘ktirishibdi. Axir, yo‘lsozlarga ishonishsa, yana qancha bahor-qish o‘tadi?  

“Necha yillardan beri mana shu yo‘ldan yuramiz. Hammayoq o‘ydim-chuqur. Qishin-yozin bir xil muammolar. Shahar markazidagi bu holatga mutasaddilarning hech e'tibor bermaganiga hayronmiz”, deydi yo‘lovchi O‘g‘ilxon Baratboyeva.

Marshrut taksi haydab el xizmatini qilayotgan Rahmatullo Rustamhojiyev ham haydovchilarning dardini aytdi: “Men “Eski shahar - Uzumzor” yo‘nalishida marshrut taksi haydayman. Yo‘lning yomonligi oqibatida ulovlarimiz ishdan chiqavergach, o‘zimiz haydovchi yigitlar bilan 10-15 ming so‘mdan pul yig‘ib shag‘al to‘ktirdik. Eski shaharga uzoq-yaqindan mehmonlar ko‘p keladi. Yo‘llarga e'tibor berishsa bo‘lardi”, deydi u.

Abdurauf Fitrat va Mustaqillik ko‘chalari kesishgan joydagi aftodahol yo‘l va tartibsizlikni tasvirga tushirdik.

Shahar ichki yo‘llariga mas'ul idorani qidiramiz. Birinchi borgan joyimiz viloyat “Avtoyo‘l” tashkiloti bo‘ldi. Mazkur tashkilotdagi xodim viloyat “Avtoyo‘l” tashkiloti faqat katta magistral yo‘llarga mas'ul ekanini aytdi. Viloyat magistral yo‘llaridagi holatga navbatdagi maqolamizda to‘xtalamiz. Bu alohida, kattaroq mavzu.

Shundan so‘ng ichki yo‘llar ta'miriga mas'ul bo‘lgan “Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” korxonasiga murojaat qilamiz. Tashkilot bosh muhandisi Alyorbek Hojimatov bilan A. Fitrat ko‘chasini birga ko‘zdan kechirdik. Mutasaddidan tuzuk-quruq, jo‘yali javob ololmadik.

Alyorbek Hojimatov bizga: “Shaharda ta'mirtalab ichki yo‘llar ko‘p. Asta-sekin qilyapmiz. “Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” A. Fitrat ko‘chasini ta'mirlash yuzasidan 2018 yil boshida “Andijon ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi bilan shartnoma imzolagan. “Bajariluvchi” ko‘cha tender yo‘li bilan emas, balki protokol orqali berilgan. Tez kunlarda ta'mirlashni boshlaymiz”, degan ko‘p ishlatiladigan “navbatchi” javobni berdi.

“Andijon ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi rahbari Zafarbek Isfandiyarov esa ko‘chaga bugundan boshlab shag‘al to‘kilishini bildirdi. 

Andijon shahrida o‘n yillardan beri ta'mirtalab bo‘lib yotgan yo‘llar juda ko‘p. Ularga mutasaddilar e'tibor bermayotgani ajablanarli. O‘tgan 2018 yil ayni qish paytida shahardagi “Pistamozor” masjidi atrofidagi yo‘llarning ayanchli holati haqida yozgan edik. Kecha o‘sha manzilga yana borib o‘rgandik. Shahar hokimligi, yo‘l mutasaddilari e'tibor berib ham qo‘ymagan. O‘sha-o‘sha holat.

Bugungi videomaqolada ko‘pmillionlik aholiga ega viloyatning qoq markazidagi yo‘l muammosini ko‘tardik.

Tas-IX

YouTube

Bugungi kunda eng me'daga tekkan ibora bor. Bu ham bo‘lsa rahbarlar tomonidan “Mana, sekin-sekin bo‘lyapti” degan so‘z. Hokimlik vakillari, mutasaddilar bilan suhbatlashsangiz, “Asta-sekin bo‘lyapti. Ko‘ryapsiz-ku? Birdaniga hamma narsa bitib qolavermaydi. Shoshilmang, jurnalist”, deya qutulib ketishadi. “Sekin-sekin bo‘lyapti” degan xuddi shunday va'daning orqasidan Eski shahardagi yo‘l o‘ttiz yildan  beri abgor.  

Taajjub... “Avtoyo‘l” mutasaddilari  yillar davomida shahar markazidagi yo‘lning piyodalar o‘tish joyiga chiziq tortib qo‘yishga yaramadilar. Hozir ko‘chaning narigi betiga o‘tish uchun alohida sport seksiyasida tayyorgarlik ko‘rish kerak. Piyodalar va haydovchilar uchun yo‘l belgilarini ham marshrutdagi haydovchilar pul to‘plab qilishini kutishyapti chog‘i...  

Shahar hokimi, viloyat va shahar yo‘l mutasaddilari nahotki o‘z hududlarini hech bo‘lmasa oyda bir bor ko‘zdan kechirib aylanmasalar. Axir, bu muammo juda ko‘p yillardan beri bor-ku?  

Prezidentimiz o‘z ma'ruzalarida aholi ijobiy o‘zgarishlarni qachonlardir emas, balki bugun amalga oshishini kutayotganini ko‘p bora ta'kidlamoqda.

O‘ylaymizki, Andijon shahri mutasaddilari bu safar muammoga o‘ng ko‘z bilan qarab, ijobiy yakun yasaydilar.    

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: