Boshpana muammosi: O‘zbekistonda daromadning qanchasi ijara uchun sarflanadi?

O‘zbekiston 15:39 / 19.01.2019 27699

“Insoniyatning yarmi boshpana izlaydi, qolgan yarmi bor turar-joyini kengaytirish ilinjida”, degan naql bor. Har bir odam shaxsiy uyi bo‘lishini istashi tabiiy. Ammo zamonamizning bu ne'mati hammaga ham nasib etavermaydi va ko‘pchilik yagona chora sifatida ijarani tanlaydi.

Boshpana masalasi, aholini hamyonbop turar-joy bilan ta'minlash muammosi butun dunyoda bor. Ayniqsa aholi muntazam ko‘payib boruvchi yirik shaharlarda ijaraga bo‘lgan talab kuchli. Numbeo portali dunyoning eng yirik 540 shahridagi ijara haqlari qiymatini tahlil qilib chiqqanida o‘rtacha ijara bahosi 800 AQSh dollarini tashkil qilishi ma'lum bo‘ldi.

Ijara narxi bo‘yicha yetakchilik AQShning San-Fransisko shahriga nasib qildi. Bu shaharda o‘z uyiga ega bo‘lmaganlar oyiga o‘rtacha 3500 dollarni to‘lab qo‘yishlariga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘ringa hech kutilmaganda AQShning yana bir va ko‘pchilik bilmaydigan shahri – Gamilton joylashdi. Bu hududda ijaraning o‘rtacha bahosi 3400 dollarni tashkil qilsa, uchinchi o‘rindagi Nyu-Yorkda bu ko‘rsatkich 3050 dollar deya baholangan. Rossiya poytaxti Moskva 1050 dollar bilan o‘rtalikdan yuqorida joylashgan.

Dunyodagi eng arzon ijara bo‘yicha ma'lumotlar juda qiziqarli, ya'ni eng arzon degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Chunki juda ko‘pchilik davlatlarda, shaharlarda turar joylar davlat yoki hududiy ma'muriyat tomonidan nafaqat ijara, balki bemalol egalik qilib yashash uchun mutlaqo bepul taklif etiladi. Aholi soni muntazam kamayib borayotgan, turli muammolar tufayli ko‘pchilik tark etayotgan bunday shaharlar Yaponiya, Islandiya va hatto AQShda (masalan Detroyt) ham bor. Ularda chetdan ko‘chib kelishni kuchaytirish uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilgan va mehmonlarga qator imtiyozlar beriladi.

Bizda-chi?

O‘zbekistonda ham ijara masalasi ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Garchi uning bahosi yuqoridagi reytingga kiradigan darajada bo‘lmasa-da, bizda ham yirik shaharlardagi turar-joy ijarasi uchun “yaxshigina” mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa poytaxt Toshkent shahrida bu muammo ancha keskin tus olgan. Bu albatta tabiiy – poytaxtga ko‘pchilik intiladi, eng yirik o‘quv maskanlari ham shu shaharda, ishlash uchun imkoniyatlar ham yuqori. Respublika bo‘yicha qayd etiluvchi ijara shartnomalarining yarmidan ko‘prog‘i poytaxtda qayd etilishi ham bejizga emas.

Toshkentda uy-joy xaridi singari norasmiy ijara shartnomalari ham asosan AQSh dollarida amalga oshiriladi. Buning sababi milliy valutaning inflatsiyaga ta'sirchanligi, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq jarayonlarda azaldan xorij valutasida muomala qilish odat tusiga kirganligidir.

Narxlar bo‘yicha ham Toshkent O‘zbekistonning mutlaq yetakchisi. Poytaxtda ijaraning budjet variantlari 150-170 AQSh dollarini tashkil qiladi. Ko‘pchilik 100 dollarga uy qidiradi, ammo 2017-2018 yil mavsumidayoq bu summa ortda qoldirildi va o‘rtacha minimal baho 150 dollarga ko‘tarildi. Hozirgi kunda ijaragirlarning maklerlardan eng ko‘p so‘rovi 150 dollarga (taqriban 1,25 mln so‘mga) o‘rtacha sharoitli 2 xonali xonadondir. Bu so‘rovga mos turar-joyni topish borgan sari murakkablashmoqda va Toshkentdagi ijara bahosi AQSh dollari kursining oshishiga qaramay ko‘tarilishda davom etmoqda.

E'lonlarga moslashgan yetakchi saytlarning ma'lumotlariga tayanilsa, O‘zbekiston poytaxtida ham 3-4 ming AQSh dollariga ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, 5-6 ming dollarga ijaraga beriluvchi hovli-joylar mavjud. Ammo ular juda kam uchraydi.

Boshqa viloyatlar markazlarida, yirik shaharlarda ijara asosan milliy valutada amalga oshiriladi va quyidagi qiymatlarni tashkil qiladi*:

1. Samarqand – 850 ming - 1 mln.so‘m;

2. Andijon – 800 - 900 ming so‘m;

3. Buxoro – 800 - 900 ming so‘m;

4. Termiz – 700 - 850 ming so‘m;

5. Urganch – 750 - 800 ming so‘m;

6. Namangan – 750 - 800 ming so‘m;

7. Farg‘ona – 700 - 800 ming so‘m;

8. Nukus – 700 - 800 ming so‘m;

9. Navoiy – 700 - 750 ming so‘m;

10. Guliston – 650 - 750 ming so‘m;

11. Jizzax – 650 - 700 ming so‘m;

12. Qarshi – 600 - 700 ming so‘m;

* 1. Narxlar budjet variantlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlariga asoslangan;

* 2. Viloyatlarning yirik shaharlaridagi narxlar mavsumiy omilga va kommunal ta'minotga qattiq bog‘langan. Ya'ni qish faslida narxlar keskin ko‘tariladi. Shuningdek, bir shaharning gaz, elektr energiyasidagi uzilishlar kamroq bo‘lgan hududidagi narx boshqa joylardan ancha farq qiladi.

Hozir nafaqat yirik shaharlarda, balki tumanlarda ham ijaraga berish faollashmoqda. Bunga asosiy sabab qish oylarida hovli joyda yashab, uyni isitish uchun qilingan sarf-xarajatlar o‘rniga ijaraga uy olib qishlash arzon va qulayligidir.

Bu omil nafaqat viloyatlar va tumanlar, balki poytaxt ijara bozoriga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Yildan yilga faqat qishlash uchun kommunal muammolar sezilmaydigan poytaxtdan ijaraga turar-joy oluvchilar soni oshib bormoqda.

Endi dunyo bo‘ylab kuzatiluvchi yana bir ko‘rsatkichga e'tibor qaratamiz:

Daromadning necha foizi ijara to‘lovi uchun sarflanadi?

Bu borada norasmiy tarzda umumqabul qilingan ko‘rsatkich bor – agar inson o‘z daromadining 30 foizini ijara uchun sarflasa, o‘zini iqtisodiy jihatdan mustaqil hisoblashi va oilasi budjetini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Agar ijara oylik daromadning 40 foizidan oshsa, og‘irlik qila boshlashi, 50 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichlarga chiqishi insonni murakkab vaziyatga tushirishi hisoblab chiqilgan.

Masalan, yuqori rivojlangan davlat bo‘lgan Germaniyada haqiqatdan ham shu darajaga erishilgan – aholi o‘z daromadining 25-35 foizini ijara uchun sarflaydi. Ammo bunday iqtisodiy yutuqqa hamma ham, hatto yuksak rivojlangan davlatlar ham erishavermaydi, jumladan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida ham bunday emas.

Masalan, Londonda yashovchi o‘rtacha ijaragir daromadining 70 foizini, Rimda 60, Pragada 55, Madridda 50 foizini sarflashga majbur. Bu borada Ukraina poytaxti Kiyev 2016 yilda o‘ziga xos yetakchilikka erishgan – bu shaharda ijarada yashovchilar maoshlarining 168 foizi miqdorida to‘lov to‘laganlar.

Xo‘sh, O‘zbekistonda, xususan Toshkentda-chi?

Afsuski iqtisodiyotimizning o‘ziga xos jihatlari, xususan xufiyona iqtisod tufayli bu savolga aniq javob berish qiyin. Sababi aholining rasmiy va real daromadiga nisbatan ijara baholarining ortib boraverishini mantiqan izohlab bo‘lmaydi. Talab va taklifga asoslangan bozor iqtisodiyoti sharoitida ijaraga bo‘lgan talabgina bu holatni yuzaga keltirgan.

Biz rasmiy maoshlari oshkor qilinadigan budjet xodimlari misolida ijara narxlarini taqqoslab ko‘ramiz:

Yosh oila boshlig‘i shifokor, ayoli o‘qituvchi, bir nafar yosh bolalari bor. Er taxminan 1,6 mln so‘m, ayoli esa 1,2 mln so‘m maosh olishadi. Agar ular minimal bahodagi budjet variantida yashasalar ham oila boshlig‘i daromadining taxminan 80 foizi ijaraga sarflanishi zarurligi ayon bo‘ladi. Qolgan qismi ro‘zg‘orga yetadimi, yo‘qmi, bunisi endi katta savol.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: