Toshkentdagi deyarli barcha tilanchilar ishini daromad manbaiga aylantirib olishgan – IIV vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston 17:08 / 18.01.2019 31819

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev qonunchilikka kiritilayotgan tilanchilikka oid o‘zgarishlar bo‘yicha izoh berdi.

“Albatta, qonun kuchga kirishi bilan biz darhol hamma tilanchilarni qamashga va javobgarlikka tortishga kirishmaymiz. Avvalo tushuntirish ishlarini olib boramiz va eng muhimi tilanchilik qilishga nima majbur qilayotganini aniqlashga harakat qilamiz.

Bu ijtimoiy muammo bo‘yicha biz doimiy kuzatuvlar olib boramiz va sizlarga bir narsani ta'kidlamoqchiman – tilanchilarning 80-90 foiz o‘ziga xos professionallar bo‘lib, ularning hech narsaga muhtojligi yo‘q. Ular tilanchilikni daromad manbaiga aylantirib olishgan bo‘lib, bir kunda topayotgan pullari aksariyatimizning daromadimizdan ko‘proq.

Qonunchilikdagi bu o‘zgarishlarni tanqid qilganlar ham, tilanchilarga achinganlar ham bo‘ldi. Lekin bunday javobgarlik dunyoning ko‘plab davlatlarida bor. Bizda esa faqat voyaga yetmaganlarni tilanchilikka jalb etish to‘g‘risida modda bor edi. Biz tilanchilarni bo‘limlarga olib kelganimizdan so‘ng tushuntirish ishlari olib borardik va chiqarib yuborishga majbur bo‘lardik. Ular esa hech qanday javobgarlik yo‘qligi uchun darhol yana o‘z joylariga borib tilanchilikka kirishaverardilar”, - deya Rustam Jo‘rayevning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti joriy yilda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra tilanchilik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: